O‘zbekiston | 12:30 / 08.07.2019
38649
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zatom» bo‘lajak AESga qanday nom berilishi mumkinligini ma'lum qildi

Foto: Hasan Paydoyev

Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi O‘zbekiston AES nomini olishi ehtimolga yaqin. Bu haqda «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov xabar berdi.

«Nom haqida o‘ylashga hozircha erta, hali AESni qurish kerak. Katta ehtimol bilan, obekt O‘zbekiston deb ataladi», - dedi Mirzamahmudov.

Shu bilan birga, u O‘zbekistondagi birinchi AES uchun eng yaxshi nom bo‘yicha tanlov o‘tkazilishi mumkinligini istisno qilmadi.

Joriy yilning 29 iyun kuni atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlangan Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi hududda muhandislik-tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi boshlandi.

Atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlab olingan taxminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi yakunlangani haqida avvalroq xabar berilgan edi. Unda Navoiy va Buxoro viloyatlarining To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida joylashgan 3 ta maydonda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgani va o‘rganishlar natijasida Jizzax viloyatining Tuzkon ko‘li yaqinidagi hudud atom elektr stansiyasi qurilishi uchun maqbul joy sifatida tanlangani e'lon qilindi. Aynan mana shu atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlangan hududda muhandislik tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichiga start berildi. 

Mavzuga oid