O‘zbekiston | 08:37 / 09.07.2019
16761
3 daqiqa o‘qiladi

«Sudocheda 278 gektar qamishzor chaqmoq natijasida yongan, boshqa fakt yo‘q, axir birov kamondan olovli o‘q otmagandir» - Ekologiya qo‘mitasi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi/Facebook

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Daraxtlarni noqonuniy kesishning oldini olish va tabiatni muhofaza qilish muammolari” mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda poytaxt va viloyat hududlari yashil maydonlarining yangilanish jarayoni ketayotgani, daraxtlarni noqonuniy kesish hali ham kuzatilayotgani va bugun bu borada nazoratni kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi. Shahar hududida daraxtlarni atmosferaning ifloslanish darajasiga qarab ekish ilmiy asoslangan bo‘lishi kerak ekani qayd etildi. Masalan, yo‘lovchi yo‘laklari bo‘ylab “tirik devor” hosil qiladigan butalar o‘stirish natijasida transport shovqini, changning oldini olish mumkinligi aytildi.

Jurnalistlardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanining Sudoche ko‘li hududidagi qurigan qamishzorlarda yong‘in kelib chiqishi oqibatida qancha maydon yonganini so‘ragan.

“Sudoche ko‘lining umumiy hajmi 50 ming gektarni tashkil etadi, — dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspeksiya boshlig‘i O‘lmas Sobirov. — Yong‘in natijasida shu hududdagi jami 278 gektar qamishzor yongan”.

Bu holatni o‘sha yerda bo‘lib turgan sayyoh xabar qilgani tasdiqlandi. Qo‘mita vakili yong‘in sabablari haqidagi savolga javob berdi.

“Olovning kelib chiqishi va maydonga yoyilishi haqida aniq xulosalar bor, — dedi O‘lmas Sobirov. — Yong‘in chaqmoqdan chiqqan, boshqa fakt yo‘q. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ko‘l ichida juda katta radiusga ega qamishzor yonyapti, qanday omil sababli olov chiqishi mumkin? U yoqqa oyoq qo‘yolmaysiz, qayiq bilan borolmaysiz. Qamishzorga faqat vertolyot qo‘nishi mumkin. Birov chetdan turib, kamondan olovli o‘q otmagandir?! Xullas, sabab — chaqmoq. Qamish uchidagi momiq po‘panaklar juda tez yonadi, bilasizlar, uchqun chiqqandan so‘ng shamol ta'sirida olov birdaniga yoyilib ketgan”.

 

Mavzuga oid