Jamiyat | 11:50 / 10.07.2019
8956
10 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun Saylov kodeksiga zarurat tug‘ildi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan saylov qonunchiligi bir qator qonun va qonunosti hujjatlaridan iborat bo‘lsada, afsuski, hanuz yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmaganini ta'kidlab, xalqaro norma va standartlarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ygan edi.

Binobarin, amaldagi saylov qonunchiligi huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim murakkabliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Aniqroq qilib aytganda, bunga saylov jarayonini tashkil etish va o‘tkazishning aksariyat tartib-taomillari tarqoq holda bir nechta qonunlar bilan tartibga solingani, aksariyat qoidalar takrorlanishi, shuningdek ayrim o‘ta muhim masalalar qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining tegishli nizomlari va yo‘riqnomalari bilan belgilangani ular o‘rtasida ba'zi nomuvofiqlik va qarama-qarshiliklarni vujudga keltirayotgan edi.

Ayni paytda, saylov qonunchiligining ba'zi normalari demokratik saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishning zamonaviy talablari va xalqaro amaliyotiga to‘liq hamohang emas edi. Masalan, parlamentda barcha siyosiy kuchlar uchun teng sharoitlar yaratilgan bir paytda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga parlament quyi palatasida oldindan belgilangan kvota asosida o‘rin ajratilishi ularning faol va tashabbuskor bo‘lib ishlashini muayyan darajada susaytirayotgandi.

Saylov kodeksini ishlab chiqishda xalqchil va xalqaro tamoyillar inobatga olindi

Eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida, qisqa fursat ichida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. 

Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash jarayonida saylov qonunchiligi to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Mamlakatimizda saylovlarni tashkil etish bo‘yicha to‘plangan amaliyot umumlashtirildi. Rivojlangan davlatlarning boy tajribasi o‘rganildi, ularning ijobiy yutuqlari asosida samarali, xalqchil normalarni ishlab chiqish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur kodeks tarqoq holdagi 5ta qonun («O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida», «Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi) va Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid o‘nlab qaror va yo‘riqnomalarini yagona qonun hujjatida o‘zida mujassam etdi.

Qayd etish joizki, saylov kodeksi loyihasini tayyorlashda 50 dan ortiq ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganildi.

Ayni paytda, xorijiy mamlakatlar saylov qonunchiligi va tajribasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda 40ga yaqin davlatda, xususan Fransiya, Belgiya, Braziliya, Belarus va Ozarboyjon kabi davlatlarda saylov kodekslari qabul qilingan.

E'tiborli jihati shundaki, so‘nggi yillarda aksariyat mamlakatlarda, jumladan Chexiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘istonda saylov qonunchiligini tizimlashtirish orqali uni yagona kodeks shaklida qabul qilishga bo‘lgan harakat kuchayib bormoqda.

Saylov kodeksi loyihasi jami 5 turdagi muhokama va ekspertizadan o‘tkazildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi, fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik ekspertizasi, ilmiy ekspertiza, amaliyotchi mutaxassislar, ya'ni saylov komissiyalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ekspertlari o‘rtasidagi qizg‘in muhokamalardan o‘tdi. Ularning yakuniga ko‘ra 400dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushdi.

E'tiborli jihati shundaki, ilk bor saylov kodeksi xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi. Xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirokida 2018 yilning 16-17 noyabr kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada saylov kodeksi loyihasi yuzasidan kelib tushgan takliflar atroflicha muhokama qilindi. Yevropadagi xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan kodeks loyihasi o‘rganilib, tavsiyalar berildi, ularning aksariyati inobatga olindi.
Shu asosda tayyorlangan Saylov kodeksi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi va rasman kuchga kirdi.

Saylov kodeksidagi asosiy yangiliklar nimalardan iborat?

Barcha xalqaro standartlarni o‘zida aks ettirgan saylov kodeksi ikki qism, 18 bob, 103 moddadan iborat bo‘lib, ilgari saylov qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan mutlaqo yangi tartib va qoidalar bilan yanada takomillashtirildi: Xususan:
– O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari uchun Qonunchilik palatasiga maxsus o‘rin ajratish tartibi bekor qilindi, bunda Qonunchilik palatasidagi deputatlik (150 nafar) o‘rinlari saqlab qolindi;
– saylovchilar yagona elektron ro‘yxatining amal qilish tartibi qonun darajasida belgilandi, yagona hujjat – saylov byulletenini joriy etish orqali «saylov varaqasi» bekor qilinib, muddatdan oldin ovoz berish va saylov kuni ovoz berishda foydalanish imkoni yaratildi;
– saylovlarni tashkillashtirish, o‘tkazish va natijalarini e'lon qilish masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi; 
– saylovchiga siyosiy partiyalar tomonidan imzolar to‘plash jarayonida bir necha nomzodlar yoki partiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun imzo qo‘yish imkoni berildi;
– saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga + yoki √ yoxud X belgisini qo‘yishi mumkinligi belgilandi;
– barchaning tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasining ovozlarni sanab chiqish haqidagi bayonnoma nusxalarini saylov uchastkasida 48 soatdan kam bo‘lmagan muddatga darhol osib qo‘yish tartibi joriy etildi;
– davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov paytida saylov okruglarini tuzishdagi saylovchilar sonidagi mumkin bo‘lgan maksimal farq 10 foizdan oshmasligi haqidagi qoida nazarda tutildi;
– uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinishi hamda tegishli saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etilishi nazarda tutildi;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bir paytning o‘zida o‘tkazilgan hollarda yagona saylov uchastkasini tashkil etish ko‘zda tutildi;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolarini saylash tartibi qonun darajasida belgilandi;
– barcha darajadagi saylov komissiyalari a'zolariga qo‘yiladigan talablar (yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma'lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e'tibor qozongan fuqarolar viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining a'zolari bo‘lishi mumkin) mustahkamlandi;
– uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinishi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etilishi tartibi belgilandi;
– Markaziy saylov komissiyasi a'zolariga Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolariga nisbatan qo‘llaniladigan daxlsizlik to‘g‘risidagi qoidalar tatbiq etilishi nazarda tutildi.

Joriy yilgi saylovlar Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi

Bu yil – saylovlar yili. Joriy yilning dekabr oyida o‘tkaziladigan saylovlar yangi kodeks asosida yuqori darajada tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
E'tirof etish kerakki, saylov kodeksi milliy amaliyot, xalqaro va xorijiy tajriba asosida tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Yagona shaklga keltirilgan tarqoq qonun hujjatlari yangicha ma'no-mazmun bilan boyitildi.

Shu bois, saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash uchun aholini mamlakatimizda saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar hamda ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida keng xabardor etish oldimizda turgan muhim vazifalardir. 

Ayni damda, joylarda kodeksga kiritilgan yangi qoidalar bilan barcha darajadagi saylov komissiyasi a'zolari va ishchi guruhlarini yaqindan tanishtirish lozim. Shu bilan birga, kodeks qoidalarini jurnalistlar tomonidan yoritish bo‘yicha uchrashuvlar, turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash ayni muddaodir. Shu bilan birga, saylov jarayonlarini boshqarishning axborot tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni ta'minlash ham dolzarb vazifalardan biridir.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi saylov kodeksi mamlakatimizda xalqaro norma va standartlarni hayotga izchil tatbiq etish, saylovga oid qonunchilik normalarining unifikatsiyasiga, nomuvofiqlik va kolliziyalarning bartaraf etilishiga, eng muhimi fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishni ta'minlashga mustahkam huquqiy zamin yaratadi.

Valisher Davlyatov
Qonunchilik muammolari va parlament 
tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi

Mavzuga oid