Jamiyat | 11:27 / 13.07.2019
23627
2 daqiqa o‘qiladi

Bankda «qora bozor» bahosida valuta almashtirishga uringan xodimlar ushlandi

Foto: REUTERS

U.A. Bulung‘ur tumanidagi obektlarni qo‘riqlash bo‘yicha 1-alohida otryadi 1-guruh safdor xodimi vazifasida ishlab kelgan, deb xabar bermoqda Zarnews. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudi raisi Farhod Xudoyberdiyevning yozishicha, «Agrobank» ATB Bulung‘ur filiali binosini qo‘riqlash unga topshirilgan. U o‘z vazifasidan foydalanib, «Agrobank» ATB Bulung‘ur filiali valuta ayirboshlash shoxobchasi nazoratchi kassiri O.S. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan. Ular 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan davlat bahosi 8420 so‘m ekanligini bilgani holda, fuqaro D.M.ning ishonchiga kirib, unga 1 AQSh dollarini «qora bozor» bahosida, ya'ni 8540 so‘mdan ayirboshlab berishini aytgan.

Ayol rozi bo‘lgach, U.A. undan 51 mln 240 ming so‘m miqdoridagi pullarni olib, O.S.ga bergan va qiymati 50 mln 748,9 ming so‘m bo‘lgan 6000 AQSh dollari miqdoridagi valuta qimmatliklariga ayirboshlagan. U.A. 6000 AQSh dollarini D.M.ga berayotgan vaqtida, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bulung‘ur tuman bo‘limi va Davlat xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Sud U.A.ga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi. Shuningdek, u 3 yil muddatga muayyan huquqdan, ya'ni davlat ishtirokidagi tashkilot, muassasa, korxonalarda moddiy va mansabdorlik lavozimlarida hamda ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

O.S. esa 2 yil-u 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi hamda 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya'ni davlat ishtirokidagi tashkilot, muassasa, korxonalarda moddiy va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Mavzuga oid