O‘zbekiston | 08:47 / 16.07.2019
20810
7 daqiqa o‘qiladi

Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi 

Foto: Igor Podgornyy

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiya, Bojxona organlarining hayvonlarni maxsus xizmatlar uchun tayyorlashi, o‘rgatishi, tarbiya qilishi hamda foydalanishi ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish sifatida qaralmaydi.

Mazkur qonun faoliyatning quyidagi shakllariga qo‘llaniladi:

chorvachilik, shu jumladan naslchilikni o‘z ichiga olgan chorvachilik;

Davlat tabiiy qo‘riqxonalari va boshqa muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda hayvonlar bilan munosabatda bo‘lish;

ov, ovchilik xo‘jaligi, baliqchilik;

uy hayvonlarini saqlash va ular bilan naslchilik ishlari;

sirk, hayvonot bog‘i, ko‘rgazma va boshqa ko‘rgazmali tadbirlarda hayvonlardan foydalanish;

sport, dam olish va insonlarning hordiq chiqarishida hayvonlardan foydalanish;

ilmiy-tadqiqot va o‘quv maqsadlarida, sinovdan o‘tkazishda hayvonlardan foydalanish;

ishlab chiqarish, shu jumladan biologik preparatlarni ishlab chiqarishda hayvonlardan foydalanish;

hayvonlarga ta'sir ko‘rsatuvchi faoliyatning boshqa shakllari.

Mazkur qonun mulkchilik shakli va ularga nisbatan boshqa mulkiy huquqlardan qat'iy nazar hayvonlar bilan munosabatlarga qo‘llaniladi.

Hayvonlar bilan muomala qilish quyidagi tamoyillarga asoslanadi:

hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish axloq va insoniylik talablariga zid bo‘lib, insonga ma'naviy zarar yetkazuvchi bo‘lib xizmat qiladi;

hayvonlarning biologik, tur va o‘ziga xos xususiyatlariga mos keluvchi hayot sharoitlarini ta'minlash;

hayvonlarga bo‘lgan mulkiy va boshqa moddiy huquqlar ular bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganda mazkur qonunga muvofiq tugatilishi mumkin;

hayvonlarni o‘ldirishning shafqatsiz usullarini taqiqlash;

hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik;

atrof muhit hamda hayvonlarning o‘ziga zarar yetkazish maqsadisiz uy hayvonlarini saqlash va ular bilan munosabatda bo‘lish.

Hayvonlar bilan shafqatsiz munosabat targ‘iboti, ular bilan shafqatsiz munosabatga chaqiruvlar, shuningdek maktabgacha, umumiy o‘rta, kasb hunar va oliy ta'lim tizimida ov targ‘iboti ta'qiqlanadi.

Hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatni namoyish qiluvchi materiallardan ko‘ngilochar va tijorat maqsadlarda foydalanish mumkin emas.

Hayvonlarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish fuqarolarning madaniy, axloqiy va ekologik tarbiyasining muhim qismi bo‘lib, fuqarolarning madaniyati va ekologik-axloqiy ongining yuqori darajasini shakllantirishni ko‘zda tutadi.

Hayvonlarga nisbatan insoniy munosabatni shakllantirish maktabgacha ta'lim, umumiy o‘rta, kasb hunar va oliy ta'lim tizimidagi o‘quv muassasalarida hayvonlarga nisbatan ekologik etika va insoniy munosabat to‘g‘risida kurslarni o‘qitish yo‘li bilan ta'minlanadi.

Hayvonlarni saqlash sharoitlari ularning biologik, tur va o‘ziga xos xususiyatlariga mos kelishi kerak.

Hayvonlarni saqlash sharoitlari ularning suv, ovqat, uyqu, harakat, o‘ziga o‘xshash hayvonlar bilan aloqa qila olish, tabiiy faollik va boshqa ehtiyojlarga bo‘lgan talablarini qanoatlantirishi kerak.

Saqlanadigan hayvonlar miqdori mazkur qonun talablariga muvofiq ularni saqlash imkoniyati bilan chegaralanadi.

Hayvonlarni saqlash joyi veterinariya-sanitariya me'yorlariga muvofiq, harorat va namlik darajasiga rioya etilgan, tabiiy yoritish, havo almashish tizimining mavjudligi va hayvonlarning tabiiy muhit bilan aloqasini ta'minlagan bo‘lishi kerak.

Bolalar muassasalarida hayvonlarni saqlash mazkur Qonun talablariga muvofiq hayvonlarni doimiy parvarishlash sharoiti bo‘lganda, yo‘l qo‘yiladi.

Yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlashga ularning biologik, tur va o‘ziga xos xususiyatlariga mos keluvchi sharoitlar yaratilganda yo‘l qo‘yiladi.

Yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlashga ekologiya organlari tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida ruxsat etiladi.

Yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda ruxsatnomasiz saqlashga faqat jarohatlangan hayvonni vaqtinchalik saqlashda yo‘l qo‘yiladi.

Insonlar tomonidan an'anaviy tarzda tutqunlikda saqlanadigan mayda yovvoyi hayvonlarni mazkur qonun talablariga muvofiq saqlash sharoitlari ta'minlangan taqdirda saqlashga ruxsat etiladi.

Uy hayvonlarini saqlovchi shaxslar quyidagilarga majbur:

mazkur Qonun talablariga muvofiq, uy hayvonlarining biologik, tur va o‘ziga xos xususiyatlariga mos keluvchi zarur sharoitlarni yaratish;

uy hayvonlari saqlanadigan yashash binolarida sanitariya-gigiyena va veterinariya-sanitariya me'yorlariga hamda birga yashashning me'yorlariga rioya qilish.

Uy hayvonlarini saqlash qoidalari o‘rnatilgan tartibga ko‘ra belgilanadi.

Uy hayvonlarini saqlovchi shaxs ularni doimiy saqlash joyidan tashqarida ham u bilan birga bo‘lish (sayr qildirish) huquqiga ega.

Uy hayvonlarini 14 yoshdan katta bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda birga olib yurishi (sayr qildirish) mumkin.

Hayvonlarni kuzatuvchi shaxs:

atrofdagi insonlar va hayvonlarning, shuningdek uy hayvonlari tomonidan mulkka zarar yetkazilishi xavfsizligini;

kuzatuvdagi uy hayvonining xavfsizligini;

uy hayvonlarini transport yo‘llari yaqinida olib yurish va yo‘llarni kesib o‘tishda bevosita nazorat qilish yo‘li bilan yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashi shart.

Uy hayvonlarini kuzatishda ularni qarovsiz qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uy hayvonlarini – bir nechta oila yashaydigan xonadonlarda saqlashga xonadonning barcha a'zolari va qo‘shnilarining yozma roziligi bilan ruxsat etiladi.

Uy hayvonlarini umumiy foydalanish joylarida saqlashga ruxsat berilmaydi:

uy hayvonlarini – bolalar bog‘chasi, ta'lim, ilmiy, sanatoriya-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalari zooburchaklarida – tegishli organning davlat sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmati organlari bilan kelishgan holdagi ruxsatnomasi bilan;

uy hayvonlari – bog‘langan holda yoki bog‘liqsiz erkin sayr qildirishda atrofi o‘ralgan hudud, binoda;

qo‘riqlash uchun – jihozlangan binolarda yoki bog‘langan holda;

tadqiqot maqsadlari uchun – qafasda, biologik klinika (vivariya) yoki hayvonxonalarda (pitomnik);

huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan operativ foydalanish vaqtida maxsus ahamiyatdagi itlar, shuningdek, ov vaqtidagi itlar, o‘quv maydonchalaridagi itlarni tumshuqbog‘siz va yetovsiz olib yurishga ruxsat etiladi.

Uy hayvonlarini saqlovchi jismoniy va yuridik shaxslar mazkur Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, sanitariya-gigiyena va veterinariya me'yor hamda qoidalari talablarga rioya qilishlari, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlari va huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymasliklari, insonlar hamda hayvonlarga xavf tug‘dirmasliklari shart.

Mavzuga oid