Jahon | 14:12 / 20.04.2024
42260
5 daqiqa o‘qiladi

O‘lim uchun ko‘paytirilayotgan 18 milliard hayvon - yeyilmay isrof qilinayotgan go‘shtlar haqida

Ovqat idishingizga yetib kelguncha har 4 hayvondan 1 tasi chiqindiga tashlanadi. Bu qanday bo‘ladi?

Yeyish uchun boqilayotgan 18 milliard hayvon yo fermada, yo do‘kon, restoranlarda yo odamlarning oshxonasida chiqindi idishga tashlanadi. 735 million atrofidagi odam ochlik bilan qarshilashayotgan dunyo uchun katta bo‘lgan bu raqamlar Barqaror ishlab chiqarish va iste’mol jurnalida chop etilgan tadqiqotda ko‘rsatilgan.

Ovqat idishigacha yetib bormayotgan hayvonlar

Niderlandiyadagi Leiden universiteti tadqiqotchilari dunyoda yillik oziq-ovqat isrofi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi. 2019 yilda so‘yilgan 75 milliard hayvondan 18 milliardi yeyilmagani aniqlandi. Tadqiqotda mol, qo‘y, echki, cho‘chqa, tovuq va kurkaning fermada boqilishidan tortib, qushxonalarda so‘yilish bosqichi-yu, restoran va xo‘jaliklarga tarqatilib, ovqat idishiga kelib tushgunigacha bo‘lgan jarayonlar o‘rganilgan. Tadqiqotga dengiz hayvonlari kiritilmagan.

2019 yilda isrof qilingan hayvon go‘shtlari

Go‘sht chiqindilarning aksariyati atigi 10 mamlakatda – Xitoy, AQSh, Braziliya kabi yirik va yuqori yoki o‘rta daromadli davlatlarga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotchilar, shuningdek, aholi jon boshiga qancha hayvon behuda o‘lib ketayotganini ham o‘rgangan. Bunda eng yomon ko‘rsatkich AQShga tegishli bo‘lib, 1 kishiga 7,1 hayvon isrof qilingani aniqlangan. Bu kishi boshiga o‘rtacha 2,4 hayvon isrofi to‘g‘ri keladigan global ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘pdir.

Go‘sht yetishtiruvchi TOP5 mamlakatlarda kishi boshiga isrof bo‘layotgan hayvonlar

Oziq-ovqat isrofi oshyapti

Tadqiqotchilar raqamlarni ko‘rsatish orqali siyosatchilar va iste’molchilarning oziq-ovqat iste’moli isrofiga e’tibor qaratishlaridan umid qilgan. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, 2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasida dunyo yetakchilari 2030 yilga borib oziq-ovqat chiqindilarini ikki baravar kamaytirish majburiyatini olgan. Raqamlarga tayanilsa, muammo global miqyosida yana ham yomon tus olayotganini ko‘rish mumkin. Ayniqsa so‘nggi yillarda AQShda oziq-ovqat chiqindilari ko‘paygan.

Yeyish uchun boqilib, isrof qilinayotgan hayvonlar artof-muhitga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Statistikalarga ko‘ra, issiqxona gazlarining uchdan bir qismi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi hisobiga to‘g‘ri keladi. Ovqatlar chiqindixonaga borib, metan chiqarishni boshlaydi, bu esa global issiqxona gazlarining oltidan bir qismini tashkil qiladi.

Go‘sht isrofini fermada to‘xtatish

Shimoliy Amerikada go‘sht chiqindilarining chorak qismi fermada paydo bo‘ladi. Har kuni 1,5 millionga yaqin hayvonlar kasallik va jarohatlardan bevaqt nobud bo‘ladi. AQShdagi 9,3 milliard tovuqning 5 foizi, ya’ni taxminan 500 millioni fermada o‘ladi. Bunga ularga beriladigan ozuqa va boqilish sharoitlari sabab bo‘lyapti. Hozir AQShdagi tovuqlar 1950 yillardagidan 5 barobar og‘irroq. Bu ularning oyog‘i deformatsiyaga uchrashiga sabab bo‘lyapti. Bu tovuqlarning ovqat yeyish va suv ichish uchun bo‘lgan harakatini qiyinlashtiryapti. Natijada tovuqlar ochlik va suvsizlikdan turli kasalliklarga chalinib, nobud bo‘lyapti. Kushxonalarda esa 7 foiz hayvon isrof bo‘ladi. Bu yuk mashinalariga haddan tashqari ko‘p hayvon ortib tashilishi sabab yuzaga keladi. Federal «28 soatlik qonun»ga ko‘ra, yuk mashinalari qishloq xo‘jaligi hayvonlarini dam oldirmay, suv yoki oziq-ovqat uchun tushirmasdan, uzluksiz 28 soat shtat yo‘nalishlari bo‘ylab tashishlari mumkin.

Kushxona va go‘shtni qayta ishlash

Eng ko‘p go‘sht isrofi hayvonni so‘yish va qayta ishlash bosqichida sodir bo‘ladi. Ishchilar ko‘pincha yaxshi ishlamaydigan mashinalardan foydalanish jarayonida go‘shtning ma’lum qismini yo‘q qilib yuborishadi. Bu ba’zi korxonalarda 350 ming dollarlik go‘shtni isrof qilishgacha borishi mumkin.

Go‘shtlarning yana bir qismi restoranlarda isrof bo‘lyapti. Ayrim hollarda go‘shtning yaroqlilik muddati aniq ko‘rsatilmagani hisobiga tashlab yuboriladi. Shuning uchun Harvard oziq-ovqat qonuni va siyosati klinikasi himoyachilari go‘sht tarqatuvchilardan mahsulotda yaroqlilik muddati aniq yozilishini talab qilishmoqda. Bundan tashqari, oziq-ovqat chiqindilari bo‘yicha notijorat ReFED ijrochi direktori Dana Gunders oziq-ovqat bilan ishlaydigan kompaniyalarga iste’molchi talabini o‘rganadigan aniq texnologiyalardan foydalanishga targ‘ib qiladi. Shu orqali sotilmay qolgan oziq-ovqatni xayriya qilish yoki isrof qilmaslik chorasini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid