Jamiyat | 17:30 / 16.07.2019
52968
8 daqiqa o‘qiladi

So‘zdan so‘zning farqi bor. Elmira Bositxonova bozorda ishlovchi ayollar bo‘yicha nima degandi va nima degan bo‘lib chiqdi?

«Garchi ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan nohaq haqorat va tahqirlar farzandlarim, yaqinlarim diliga judayam og‘ir botayotgan bo‘lsa-da, men bu holatga matbuot orqali izoh bermoqchi emasman. Lekin, yurtimizdagi biror bir ayolni kimdir nohaq tahqirlasa, haqorat qilsa, uning himoyasi uchun matbuot orqali qayta-qayta izoh berishga tayyorman. Shuningdek, birovning shaxsiy fikrini o‘zgartirish oson kechadigan holat emas. Qolaversa, qo‘mita raddiyasida mening munosabatim aniq va ravshan ochib berilgan».

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bozordagi sotuvchi ayollar haqidagi so‘zlari yuzasidan munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga oydinlik kiritmoqchi bo‘ldi. Uning fikri to‘g‘ri talqin qilinmay, mazmundan uzib olingan alohida jumlalar yanglish tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotganini bildirgan Bositxonova matbuot orqali izoh bermasa-da, qo‘mita raddiyasi bilan cheklanishini izhor etgan.

Xo‘sh, muhokamali xabar qanday paydo bo‘ldi? Aslida, holat qanday bo‘lgan? Nima uchun odamlar aytilgan gaplardan shunchalar g‘azablanishdi?

Avvalo, muhokama predmeti sifatida ko‘tarilgan «ma'naviyat», «ma'rifat» so‘zlari, uning jamiyatda ishlatilishiga e'tibor qaratish lozim. Bu so‘zlar odamlarni junbishga keltirdi, chunki o‘tgan yillar davomida ma'naviyatni soxta talqin qilish oqibatida insonlarda «ma'naviyat»ga nisbatan «allergiya» paydo bo‘lgan. Odamlar soxta targ‘ibot va vajlardan charchagan.

Endi Bositxonovaning «ma'naviyat» so‘zini qanday ishlatgani va bu jurnalist hamda blogerlar tomonidan qanday qabul qilinganini tahlil qilib chiqish lozim. 11 iyulda (o‘sha kunning o‘zida) anjumanda yangragan mulohozalar to‘g‘risida «Bozorchi ayollarda ma'rifat yo‘q, ma'naviyat yo‘q. U bozorchi» mavzusida xabar e'lon qilindi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Bositxonova ovozi yozib olingan audio tarqaldi va bu holat «daryo yanada pishqirib oqishi»ga turtki bo‘ldi. Lekin audioyozuv to‘lig‘icha, umumiy mazmunni saqlab qolgan holda emas, bir parchasigina tarqatildi. To‘liq audioda qanday gaplar aytilgani esa hech kimga qiziq bo‘lmadi.

Qo‘mita saytda chiqqan xabarda ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga raddiya bildirilgandi, ammo bu gaplarga endi hech kim ishonmasligi kunday ravshan.

Tashkilot va idoralar axborot xizmatlari shaffof ishlamay, axborotni muntazam yashirib kelishi, ziddiyatli vaziyatlarda birinchi manba sifatida izoh berib, bayonot bilan chiqmasligi, qolaversa xabar tarqatuvchi ayrim blogerlarning faktcheking borasida «dangasa» ekani Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bilan yuz bergan holatda o‘z aksini topdi.

Shunga qaramay, Elmira Bositxonova bozorda mehnat qilayotgan ayollarga bo‘lgan munosabat haqida gapirar ekan, ularga nisbatan qilinayotgan tazyiqlar haqida gapirganini tan olish kerak. Tadbir mavzusi xotin-qizlar zo‘ravonligiga barham berish va uning oldini olishda qo‘mita tomonidan bajarilayotgan ishlar haqida edi. Anjumanda «O‘zbekiston 24» telekanali muxbiri tomonidan ayollarga nisbatan oilada, ishda ko‘rsatilayotgan zo‘ravonlikni kamaytirish uchun qo‘mita qanaqa ishlarni olib boryapti, degan mazmunda savol berilgandi. Bositxonova savolga javob berarkan, misol sifatida, bozorda ishlaydigan ayollar uning oldiga arz qilib kelgani voqeasini so‘zlab berdi. Qo‘mita raisining aytishicha, ayollar o‘zlariga qaratilgan xaqoratomuz so‘zlarga barham berishda yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Qo‘mita raisi xat bilan amaliy yordam so‘rab, masalaga yuzaki qarashdan voz kechgani, vakolatidan kelib chiqib, chora-tadbirlar amalga oshirganini aytib o‘tdi. Ayollar bilan suhbat davomida ularning muammolarini tushunishga harakat qilgan vakolatli amaldor sifatida bozorlarda ma'naviyat xonalari, kutubxona tashkil qilish, radiouzatgichda Zulfiyaxonim ijodi va hadislardan namunalar o‘qib berish amaliyoti joriy etilishi ijobiy natija berishi mumkinligi haqida gapirgan. Shu orada Bositxonova o‘z so‘zida «bozorchi ayollarda ma'rifat yo‘q, manaviyat yo‘q. U - bozorchi», degan fikrni keltirdi. Saytda ham shu so‘zlar aynan keltirilgan, lekin tadbirda aytilgan gap bilan xabar ohangi ikki xil ma'noda yangragan.

Qo‘mita raisi bu so‘zlarni nega aytgandi? U odamlarning xuddi shu fikrini o‘z tilidan gapirdi. Aslida, bu gaplar Bositxonovaning emas, jamiyatdagi ayrim odamlarning munosabatini aks ettirgan. Shu sabab ham o‘sha ayollarga bozor xodimlari (bozorqo‘m, pattachi) zulm o‘tkazyapti. Xalq orasida bozorda ishlaydigan ayollarga nisbatan stereotipni o‘zgartirish uchun qo‘mita faollik bilan harakat qilishi lozimligi yig‘ilishda ta'kidlandi.

Yana bir jihatga ahamiyat berish lozim: ayrim nashrlar va telegram kanallarda (1, 2, 3) yozilishicha, tadbir davomida bozorda ishlaydigan ayollarga munosib ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, muhtoj ayollarga uy-joy berilish masalasi ko‘tarilmagani tanqid qilingan. Ko‘plab jurnalist va blogerlar shu kabi dolzarb muammolarni yechishga ko‘proq ahamiyat berish kerakligini ta'kidlashgan.

Jurnalist Bahodirxon Eliboyev esa turli tanqidlarni bir holat bilan jo‘yali taqqoslay oldi. Uning bayon qilishicha, Bositxonovaning bozor hududida kutubxona tashkil etish g‘oyasini tanqid qilganlar, aslida, Rishton tumani dehqon bozori ichida faoliyat yuritgan, xalq orasida Dima Qayum taxallusi bilan mashhur, tadbirkor Dilshod Boltaboyevning Xalq kutubxonasi uchun kurashgandi. Kutubxona bir necha marta buzilish xavfida qolganda Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov ham bayonotlar bilan chiqqan. Keng jamoatchilik Dima Qayumning faoliyatini oqlab, uni qo‘llab-quvvatlagandi. Endilikda Bositxonovaning gaplari nojo‘ya ko‘rinib, uning fikrlari tanqidga uchramoqda. Bunday aks xulosa, yana ma'naviyatni qanday anglash xususida, deb taxmin qilish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, jamiyat hayotiga taalluqli har bir masalaga mas'ullar hamda xalq bilan hukumat o‘rtasida vositachi bo‘lgan to‘rtinchi hokimiyat vakillari ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari lozim. Bugun axborot makonida kichik va arzimas bo‘lib tuyulgan ma'lumot butun boshli jamiyat fikrini tizgindan chiqarib yuborish qudratiga ega. Shunday ayanchli hodisalar sodir bo‘lmasligi uchun mas'ullar auditoriyaga shov-shuvli emas, mulohazali va tahliliy xabarlar taqdim etishlari kerak.    

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid