Iqtisodiyot | 12:38 / 23.07.2019
36392
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda iste'mol savatchasining taxminiy miqdori 650 ming so‘m - vazir

22 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev ishtirokida «Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, shuningdek, iste'mol savatchasi hisobi hamda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor» mavzusida OAV vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Garchi anjuman mavzusida bu alohida o‘rin tutgan bo‘lsada, vazir o‘zining asosiy nutqida iste'mol savatchasi to‘g‘risida umuman to‘xtalmadi. Ammo jurnalistlarning qator savollari aynan mana shu masalaga qaratildi.

Botir Xo‘jayevning ma'lum qilishicha, iste'mol savatchasi dunyo iqtisodiyotida amal qilinishi majburiy ko‘rsatkich emas.

«O‘zbekistonda iste'mol savatchasi degan tushunchani joriy qilish taxminan 2021 yillarga mo‘ljallanmoqda. Hozir ham iste'mol savatchasi va yashash uchun eng kam miqdor tushunchalari test tizimida sinab ko‘rilmoqda va so‘rovnomalarga ko‘ra ular 650 ming va 800 ming so‘mni tashkil qiladi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Iqtisodiyotga oid muammolarga to‘xtalarkan vazir shunday ma'lumotlarni keltirdi: «20 mingdan ortiq korxona o‘z loyiha quvvati darajasida ishlamayapti, 2800tasida esa ishlab chiqarish umuman to‘xtagan. Holbuki rejamizga ko‘ra 2030 yilga kelib sanoat salmog‘i 5 barobar oshishi kerak. Bunda o‘sish 30 foiz oziq ovqat, 30 foiz nooziqovqat mahsulotlari, 40 foiz xizmatlar ulushiga to‘g‘ri kelishi lozim. Yana bir muammomiz ishlab chiqarishda energiya sarfi juda yuqori, rivojlangan davlatlarga nisbatan 3 barobargacha baland».

Mavzuga oid