O‘zbekiston | 14:20 / 23.07.2019
46479
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztransgaz»ga yangi rahbar tayinlandi. U so‘nggi 2,5 yil ichida beshinchisi

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 23 iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi tizimida qator o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, «O‘ztransgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodir Eshmuratov boshqa lavozimga o‘tkazilib, uning o‘rniga 2016 yildan buyon «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Ulug‘bek Husanovich Sayidov tayinlandi.

Shuningdek, «O‘ztransgaz» AJ boshqaruv raisining iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari v.v.b Bahriddin Tojiboyevich Mamadiyev o‘rniga turli yillarda «O‘zbekneftegaz»da turli lavozimlarda ishlagan Alisher Ismoiljonovich Mirzamahmudov tayinlangan.

Qayd etish kerakki, Ulug‘bek Sayidov «O‘ztransgaz»ning so‘nggi ikki yarim yildagi beshinchi rahbariga aylandi. 2016 yil dekabrida kompaniyaga bosh vazir o‘rinbosari Ergash Shoismatov (hozir u O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi) rahbar etib tayinlangan. 2017 yil avgustida esa uning o‘rnida Alisher Mustafoyev ish boshlagandi.

2018 yilning 5 iyunida Sharifjon Tursunov «O‘ztransgaz» rahbari etib tayinlandi, biroq besh oylik faoliyatdan so‘ng, 23 noyabr kuni u ham lavozimni tark etib, dekabr oyidan Bahodir Eshmuratov «O‘ztransgaz»ga rahbarlik qila boshlagandi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida «O‘ztransgaz» prezident qarori bilan «O‘zbekneftgaz» tarkibidan chiqarilgandi. Kompaniya qazib oluvchi tashkilotlardan tabiiy gazni sotib olib, keyinchalik eksport va importga yetkazib berish, shuningdek magistral gaz quvurlariga ulangan iste'molchilarga sotish bilan shug‘ullanuvchi yagona operatorga aylandi. «Hududgazta'minot» esa gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan iste'molchilarga gaz sotish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid