Iqtisodiyot | 20:37 / 28.05.2024
7605
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztransgaz”ning soliq to‘lovlari keskin kamaydi

Magistral gaz tarmoqlari operatori yanvar-aprel oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 foizga, aprelda esa yanvarga nisbatan 6,2 barobarga kam soliq to‘ladi. Kompaniyaga soliq imtiyozlari berilgan bo‘lishi mumkin. Avvalroq “O‘ztransgaz”dagi ulushlarning bir qismi ishonchli boshqaruvga berilgani haqida xabar tarqalgan, energetika vaziri bundan xabari yo‘qligini aytgandi.

Foto: “O‘ztransgaz”

“O‘ztransgaz” 2024 yilning yanvar-aprel oylarida 351 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bunda yanvarda – 117,9 mlrd so‘m, fevralda – 86,6 mlrd so‘m, martda – 127 mlrd so‘m, aprelda esa bor-yo‘g‘i 19,2 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Davlat soliq qo‘mitasi Kun.uz'ga taqdim etgan bu raqamlar, aprelda “O‘ztrancgaz” yil boshiga nisbatan 6,2 barobar kamroq soliq to‘laganini ko‘rsatyapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida kompaniya faqatgina 19,2 mlrd so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lagan. Boshqa soliqlar, xususan, yer solig‘i, mulk solig‘i, suv solig‘i, foyda va aksiz soliqlari bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmagan. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha esa 146 mln so‘mlik qarz qayd etilgan.

Yil boshidan beri “O‘ztransgaz” foyda va aksiz soliqlari hamda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni, fevral oyidan beri esa suv solig‘ini to‘lamagan. Fevral-mart oylarida mulk solig‘i bo‘yicha atigi 8,8 mln so‘mlik to‘lov qilingan.

O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda, “O‘ztransgaz” qariyb 43 foizga kamroq soliq to‘laganini ko‘rish mumkin. O‘tgan yilning yanvar-aprel oylarida soliq tushumlari 614 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Umuman, kompaniya o‘tgan yilning mart oyidan beri foyda va aksiz solig‘ini to‘lamagan. Ungacha foyda solig‘i bo‘yicha 3,88 mlrd, aksiz solig‘i bo‘yicha esa 51,29 mlrd so‘mlik soliqlar hisoblangan. E’tiborli jihati, o‘tgan yilning mos davrida kompaniya yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lagan.

Raqamlar “O‘ztransgaz”ga bir qator soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatyapti. Kun.uz bu borada Soliq qo‘mitasiga qo‘shimcha savollar yubordi.

Avvalroq kompaniya yanvar-mart oylarida 418,6 mlrd so‘m soliq to‘lagani bo‘yicha ma’lumot berilgandi. Davlat soliq qo‘mitasi keyinroq bayonot berib, 2024 yil yanvar-mart oylarida “O‘ztransgaz”dan budjetga 418,6 mlrd so‘m soliq tushumi kutilgani, haqiqatda esa 331,9 mlrd so‘m to‘langanini ma’lum qilgandi. Qo‘mita izohiga ko‘ra, mas’ul xodimlar e’tiborsizligi sababli mazkur jamiyat tomonidan haqiqatda to‘langan emas, tushishi kutilgan soliq summasi taqdim etilgan. Qo‘mita bayonotiga tayanilsa, 2024 yilning 1-choragida soliq tushumlari prognozdan 87 mlrd so‘mga kam bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 mart kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi mamlakat gaz-transport tizimi operatori “O‘ztransgaz”ning 46,8 foiz ulushini 292,8 mlrd so‘mga sotib olgandi.

Bitimdan 2 kun o‘tib, 1 aprel kuni “O‘zbekneftgaz” “O‘ztransgaz”ning aksiyalarini baholatish bo‘yicha “Uz Kor Gas Chemical” MChJ QK va “KPMG Valuation and Consulting” MChJ o‘rtasida “O‘ztransgaz” AJning 1 dona oddiy aksiyasini baholash bitimiga o‘zgartirishlar kiritgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, “O‘zbekneftgaz va “O‘ztransgaz” o‘rtasidagi mazkur bitim 3 aprel kuni yuz bergan boshqa bitimning tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, “Uz-Kor Gas Chemical”, “O‘ztransgaz” va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida Gaz sotish bo‘yicha qarz kelishuvi doirasida gaz qarzi bo‘yicha bosh kelishuv, qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlarni topshirish shartnomalari imzolangan. Unga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” 10 trln so‘mdan ortiq qarzning sotib oluvchisiga aylangan, ya’ni o‘z zimmasiga olgan.

Bakirov, norasmiy xabarlarga tayanib, “O‘zbekneftgaz”ga “O‘ztransgaz”dan qarz evaziga olingan ulushi va yana ayrim ulushlar ishonchli boshqaruvga berilgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Ammo O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘ztransgaz” kompaniyasi ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishi mumkinligidan xabari yo‘qligini aytgan.

“Bu [gap] qayerdan chiqdi? Kim shunday dedi? “O‘ztransgaz” – aksiyadorlik jamiyati. Men bu haqda bilmayman”, degan vazir Gazeta.uz'ga bergan izohida.

Jo‘rabek Mirzamahmudov kompaniyaning ishonchli boshqaruvga o‘tkazilishini inkor qila olasizmi, degan savolga: “Men buni eshitmadim”, deb qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid