2024 yil uchun tashqi qarz limiti 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan
Ushbu mablag‘ning 3,2 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 4,1 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga ishlatilgan.
2024 yil uchun tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov yozdi.
Joriy yilda jalb qilingan qarz mablag‘larining 3,2 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan 4,1 mlrd dollari esa investitsiya loyihalari uchun ishlatilgan.
“Tashqi qarz yillik limitining bunday keskin oshirilishi 2020 yildan beri birinchi marta kuzatilmoqda.
Parlamentda chiqish qilgan hukumat vakili tashqi qarz limiti oshirilishi bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish bermagan. Ehtimolki, qarz limitining oshirilishi tashqi qarz hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar qiymati oshgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, dedi Bakirov.
Ma’lumot uchun, 2024 yil uchun tasdiqlangan qarz olish limiti jami 5 mlrd dollar edi, budjetga – 2,5 mlrd dollar, investitsiya loyihalariga – 2,5 mlrd dollar.
Ichki qarz olish limiti ham 25 trln so‘mdan 30 trln so‘mgacha ko‘tarilgan.
O‘zbekistonning tashqi qarzi ham oxirgi yillarda shiddat bilan oshib boryapti. Xususan, 2017 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 11,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning oxiriga kelib 39,7 mlrd dollarga yetishi yoki 3,4 barobarga ko‘payishi prognoz qilinyapti. Kelgusi uch yil ichida davlat qarzi yana 40 foizdan ko‘proqqa oshishi va 2027 yilning oxiriga borib 55,9 mlrd dollarni tashkil etishi mumkin.
Avvalroq, deputatlar davlat organlari xarajatlarini deyarli 10 trln so‘mga ko‘paytirishni ma’qullab bergani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
16:56 / 07.12.2024
Xitoy kreditlarining ikkita asosiy xavfi aytildi
17:43 / 05.12.2024
Hukumat qonundan tashqari 10 trln so‘m xarajat qilgan. Deputatlar 9 daqiqada bu xarajatlarni qonunga kiritib berdi
20:54 / 26.11.2024
Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m
18:33 / 26.11.2024