O‘zbekiston | 23:41 / 30.07.2019
252701
7 daqiqa o‘qiladi

Hukumat 15 avgustdan boshlab yoqilg‘i, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'moli uchun narx va tariflarni oshirdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30 iyul kuni «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarni o‘zgartirish to‘g‘risida»gi №633-sonli qarori imzolangan.

Unga ko‘ra, 15 avgustdan boshlab:

  • Ai-80 markali avtomobil benzinining chakana narxi — bir litri uchun 4500 so‘m (4000 so‘m edi);
  • Dizel yoqilg‘isining chakana narxi — bir litri uchun 5400 so‘m (4800 so‘m edi);
  • EKO dizel yoqilg‘isining chakana narxi — bir litri uchun 5700 so‘m (4900 so‘m edi) qilib belgilanmoqda.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun belgilangan tariflar va narxlar ham oshirilmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, hukumatning 2018 yil 1 noyabrdagi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi №897-sonli qaroriga muvofiq, 2018 yil 16 noyabrdan boshlab aholi uchun tabiiy gaz narxining oshirilishini tasdiqlangan, narxlar 2019 yilda yana bir marta oshirilishini belgilagan edi.

2019 yil 1 iyundan boshlab tabiiy va suyultirilgan gaz va elektr energiyasi uchun narxlar oshirilishi nazarda tutilgandi. Unga ko‘ra, maishiy iste'molchilar uchun 1 metr kub tabiiy gazning narxi hozirgi 320 so‘mdan 350 so‘mgacha, elektr energiyasining 1 kilovatti hozirgi 250 so‘mdan 280 so‘mgacha oshishi kerak edi.

Keyinchalik hukumat qarorida ko‘zda tutilganidek, 1 iyundan tabiiy gaz va elektr energiyasining narxi oshmaydigan bo‘ldi.

«Tabiiy gaz va elektr energiyasiga belgilangan narxlar oshiriladi, lekin 1 iyundan emas. Biz narx oshirilishini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydik»,degan edi Moliya vazirligidagilar.

Markaziy bank o‘z xabarida iyun oyidagi elektr energiyasi va tabiiy gazga avvaldan belgilangan narx oshirilishi inflatsiyaning pasayishini to‘xtatuvchi omil bo‘lib xizmat qilishini aytgan edi.

«2019 yilda inflatsiya sur'ati tezlashishining asosiy xatarlari iqtisodiyotda yuqori inflyatsion kutilmalarning saqlanib qolishi, QQS bo‘yicha yangi to‘lov mexanizmining joriy etilishi hisobiga alohida tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi, shuningdek, energiya resurslari narxlari oshirilishining ikkilamchi ta'siri ko‘lamining kengayish ehtimolining mavjudligi bilan bog‘liq», — deyishgandi yanvarda Markaziy Bankdagilar.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 iyul kuni birinchi yarim yillikda davlat budjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

«Oxirgi ikki yilda aholi, ijtimoiy va ishlab chiqarish obektlarini uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash va xarajatlarni optimallashtirish talab etilmoqda. Bularsiz tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga faol investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz.

Shu bois, mutaxassislar va xalq vakillari fikrlarini inobatga olib, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflatsiya darajasiga yaqin miqdorda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil bo‘lishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda tariflarni tartibga solish bo‘yicha taklif etilayotgan islohotlarni aholiga to‘liq yetkazish zarurligi ta'kidlangan. Soliq islohotlarini targ‘ib qilish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a'zolari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari, iqtisodiyot va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari mutasaddilari joylarga borib, har bir mahallada aholiga tariflar o‘zgarishining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyulda qabul qilingan №633-sonli qaroriga ko‘ra, 2019 yil 15 avgustdan boshlab yoqilg‘i-energetika resurslariga yangi narxlar va tariflar belgilangan.

E'tiborlisi, aholiga tarqatiladigan elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning narxi 1 iyunda oshishi kerak bo‘lgan miqdordan ham ko‘proqqa oshirilgan.

I – IV guruhdagi iste'molchilar uchun elektr energiyasi narxi (kVt-soat)

1.1. I va II guruh iste'molchilari uchun — 450 so‘m (250 so‘m edi);

1.2. III guruh iste'molchilari uchun, jumladan aholi uchun — 295 so‘m (125 so‘m edi);

IV guruh iste'molchilari uchun — 450 so‘m (350 so‘m edi);

Prezidentning 2017 yil 8 noyabrdagi PQ-3379 sonli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaruvchi va alohida xizmatlar ko‘rsatuvchi iste'molchilar uchun — 450 so‘m (365 so‘m edi).

Tabiiy gaz (metr kub)            

2.1. Aholiga kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun, idoraviy va munitsipal turar-joy fondi, yuridik shaxslar yotoqxonalari, aholini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, turar joy xonalari isitish va issiq suv bilan ta'minlash uchun gaz hisobini yurituvchi asbobga ega lokal qozonxonalar uchun — 380 so‘m (320 so‘m edi);

2.2. Aholiga kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun gaz hisobini yurituvchi asbobga ega bo‘lmasa:

  • Ovqat tayyorlash va issiq suv ta'minoti uchun — 660 so‘m (553 so‘m edi);
  • Isitish uchun — 380 so‘m (320 so‘m).

2.3. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (shuningdek, o‘z balansida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari bo‘lgan yuridik shaxslar) uchun — 1000 so‘m (800 so‘m edi);

2.4. Prezidentning 2017 yil 8 noyabrdagi PQ-3379 sonli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaruvchi va alohida xizmatlar ko‘rsatuvchi iste'molchilar uchun — 1000 so‘m (1000 so‘m edi).

2.5. Boshqa ulgurji foydalanuvchilarga — 660 so‘m (600 so‘m edi).

Aholiga ro‘zg‘orda foydalanish uchun realizatsiya qilinadigan suyultirilgan gaz (kg)1120 so‘m (950 so‘m edi).

Mavzuga oid