Jamiyat | 14:10 / 05.08.2019
11640
7 daqiqa o‘qiladi

Bizga kun-u tun ishlaydigan kutubxonalar kerakmi?

Ishim tushib onda-sonda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga boraman. Har doim kitobxonlar bilan to‘la zallarni ko‘rib xursand bo‘lasiz. Nafaqat yoshlar, balki o‘rta va undan yuqori yoshdagi foydalanuvchilar ham borligi yana bir karra zavqlantiradi. Hozir yoz oylari bo‘lishiga qaramasdan kutubxona odamlar bilan to‘la. Joy yo‘qligidan yerda o‘tirib dars qilayotganlar ham bor. Soat millari 20:00ga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, zal bo‘shab qolgani yo‘q. Bundan qanday xulosa qilish mumkin?

Demak, foydalanuvchilarda talab bor-u taklif yo‘q (balki imkoniyat yo‘qdir?). Bu bitta axborot-resurs markazidagi holat. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvar holati bo‘yicha respublikada 111ta kutubxona (ta'lim muassalari axborot-resurs markazlaridan tashqari) mavjud. Toshkent shahrining o‘zida 32ta shunday kutubxona joylashgan. Xo‘sh, kun-u tun tartibga o‘tish qanchalik kerak? Yoki hali kutubxonalar bunga tayyormasmi?

«Kunlik foydalanuvchilar soniga nisbatan o‘rinlar soni kamligi 24/7 rejimiga talab borligini anglatadi»

Saodat Abdurahmonova (kitobxon):

Kutubxona 24 soatli rejimda ishlashi uchun yetarlicha talab bor, nazarimda. Talabalar, abituriyentlar, ilmiy tadqiqotchilar kutubxonaning xizmatlaridan eng ko‘p foydalanishadi. Kunlik foydalanuvchilar soniga nisbatan o‘rinlar soni kamligi, kitoblar uyga foydalanishga berilmasligi ham kechki paytda kutubxonadan foydalanishga bo‘lgan talabni oshiradi. Kutubxona yopiladigan soat yaqinlashganda ham aksariyat zallarning 30-40 foizi foydalanuvchilar bilan to‘la bo‘ladi. Bu 24/7 rejimidagi kutubxonaga talab borligini tasdiqlaydi.

Ayniqsa, ko‘pchilik talabalar darsdan keyin ishlaydi. Ishdan keyin darslari bilan shug‘ullanaman, desa kutubxona yopilgan bo‘ladi. Ertalabki soat 9dan kechki soat 6gacha ishda band bo‘ladiganlar soat 19.30dayoq yopiladigan kutubxonadan qachon foydalanadi? Hamma ham o‘zi istagan kitobni sotib ololmasligi mumkin. Bu o‘rinda bosh kutubxona maksimal imkoniyatni yaratishi kerak.

«Kun-u tun ishlash tartibiga birdan o‘tib bo‘lmaydi. Foydalanuvchilar oqimini hisobga olish kerak»

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining axborot kutubxona fondlarini komplektlash xizmati rahbari Nasiba Xoldorova:

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ishlash tartibi dushanba-juma kunlari ertalabki soat 9:00dan kechki soat 20:00gacha, shanba-yakshanba kunlarida esa soat 9:00dan soat 17:00gacha etib belgilangan. Davlat bayramlari arafasida - O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, kutubxona direktori tomonidan tasdiqlangan grafik bo‘yicha ishlaydi. Kutubxona davlat bayramlari kunlarida va sanitariya kunlarida (har oyning oxirgi kuni) ishlamaydi. Istisno hollarda (davlat miqyosidagi tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan) kutubxona ish tartibiga o‘zgartirish kiritishi mumkin. Bu to‘g‘risida foydalanuvchilarga oldindan xabar beriladi.

Ishlash vaqtini uzaytirish masalasiga kelsak, buni birdaniga amalga oshirib bo‘lmaydi. Avval test rejimida ishlashimiz kerak. Taxminan kuz oylaridan boshlab soat 8:00 dan 21:00 gacha ishlash tartibi joriy etiladi. Bu vaqt mobaynida foydalanuvchilar oqimini kuzatamiz. Shunga qarab xodimlar taqsimlanadi. Tajriba sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, balki, kelajakda kun-u tun tartibga o‘tishimiz mumkin. Bu yerda boshqa hal qilinishi kerak bo‘lgan omillar ham bor. Misol uchun, kechki smenada ishlagan xodimga transport sharoitlarini yaratib berish. Bularni batafsil ko‘rib chiqish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Prezidentning joriy yil 7 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida kutubxonalarning kuni uzaytirilgan tartibda faoliyat yuritishi vazifasi qo‘yilgan.

Kutubxona ish vaqtini uzaytirishdan oldin kitobxonlarda mutolaa madaniyatini oshirish kerak. Yoshlarda kitobga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish orqali bunga erishish mumkin. Shu paytgacha bunaqa masshtabda faoliyat olib borilmayotganiga sabablardan biri ham shu. Afsuski, kutubxonaga tashrif buyuruvchilarning hammasi ham tartib-qoidalarga amal qilmaydi. Yana bir sabablardan biri shu paytgacha kitobxonlardan talab kelib tushmaganidir. Hozir vaziyat o‘zgardi. Foydalanuvchilar oqimi sezilarli oshgani va ko‘plab murojaatlar tufayli tungi smenada ishlash tartibiga o‘tish masalasini ko‘rib chiqyapmiz.

«Kutubxonalarni birlashtiradigan tizimning bo‘lmagani kun-u tun faoliyat olib borolmasligimizni anglatadi»

Navoiy viloyati Abdulla Qodiriy nomidagi axborot-kutubxona markazi direktor o‘rinbosari Shamsiya Vaqoyeva:

«Shu paytgacha kutubxonalar vazirlik, turli davlat tashkilotlari qoshida bo‘lgan. Ularni birlashtiradigan tizim bo‘lmagan. Shu bilan bir qatorda, ushbu axborot-resurs markazlarida soha mutaxassislari faoliyat olib bormagan. 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan «Respublika aholisini axborot-kutubxona tizimi bilan ta'minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident qarorida kutubxonalar ta'lim muassasalari ixtiyoriga berilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu bilan ushbu markazlarda faqat shu ta'lim muassasasida o‘qiydiganlar foydalanadigan bo‘ldi va faoliyat ko‘lami biroz bo‘lsa-da toraydi, tashqaridan kimdir kelib kutubxona xizmatidan foydalana olmasdi. Natijada, odamlarni kutubxonadan uzoqlashtirib qo‘ydik. Biz ularni qaytarish choralarini ko‘rishimiz kerak. Shundan keyingina kuni uzaytirilgan tartibda ishlasak bo‘ladi. Fikrimcha, bu jarayonni bosqichma-bosqich olib borishimiz lozim. Hozircha aholi ham, axborot-resurs markazlari ham 24/7 rejimiga tayyor emas. Prezidentning joriy yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida viloyat, tumanlarda 186 ta axborot-resurs markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Ushbu hujjat kutubxonachilik faoliyatini yuqori bosqichga olib chiqishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi».

To‘g‘ri, kun-u tun ishlash uchun budjetda yetarli mablag‘ bo‘lishi kerak. Bu yerda xodimlar, energiya ta'minoti kabi masalalar ham bor. Lekin barcha kutubxonalar bo‘lmasada, respublikadagi yetakchi, katta sig‘imli kutubxonalar shu tartibga bosqichma-bosqich o‘tishi kerak. Cheklangan vaqt bo‘yicha faoliyat yuritilsa, aholining keng qatlamini qamrab olish qiyinlashadi. Kutubxona yosh-u qarining manfaatlari va imkoniyatlarini birday hisobga olib ishlashi lozim.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid