Jamiyat | 15:47 / 05.08.2019
26250
6 daqiqa o‘qiladi

Garajdagi startap: Nanotexnologiya kuchini innovatsiyaga aylantirayotgan laboratoriya

Dunyodagi eng yirik internet do‘kon ─ Amazon, multiplikatsion mahsulotlari bilan butun dunyo bolalari qalbini zabt etgan ─ Disney, bir kunda millionlab odamlar foydalanadigan qidiruv tizimi ─ Google va nanotexnologiyani innovatsiyaga aylantirayotgan ─ Lotus engineering. Ularni nima bog‘lab turishini bilasizmi? Ularning barchasi o‘z faoliyatini oddiygina garajda boshlagan. Amazon, Disney va Google allaqachon muvaffaqiyatga erishgan. Lotus engineering ham hali o‘z yo‘li avvalida bo‘lishiga qaramay, foydali loyihalarni amalga oshirishga ulgurdi.

Lotus engineering ─ Yevropaning qay bir burchagida emas, o‘zimizning Toshkentda joylashgan laboratoriyaning nomi. U shunchaki oddiy tajribalar o‘tkaziladigan laboratoriya emas. U yerda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun ham hali yangi bo‘lgan yo‘nalish ─ nanotexnologiya kuchidan foydalangan holda innovatsiyalar yaratiladi. Eng qizig‘i, u qachonlardir mashina tuzatishga xizmat qilgan oddiy garajda joylashgan.

Lotus engineering loyihasi rahbari Amir Obidov ilg‘or materialshunoslik va injiniring doktori, professor. Janubiy Koreyada magistratura va doktoranturada tahsil olib, ilmiy ishini yoqlagan yosh olim O‘zbekistonga qaytgach, ilmiy faoliyatni yangicha yo‘sinda davom ettirish haqida o‘ylay boshlaydi. 

Avtomobilsozlik institutida bakalavr bosqichini o‘qiganim uchun garajim bo‘lardi, mashinaga qiziqardim, mashina tuzatardim. Qarasam, garajim bo‘sh turibdi. Ichida hamma kerakli narsalar bor. Shu yerda laboratoriya ochish fikri tug‘ildi. Innovatsion rivojlanish vazirligiga murojaat qildim, tuman hokimligi bilan birgalikda laboratoriyani ochishda yordam ko‘rsatishdi. Hozir bu yerda nanotexnologiyalardan foydalangan holda qiziqarli va foydali loyihalarni amalga oshiryapmiz, ─ deydi Amir Obidov.

Yosh olimning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistondagi ilmiy tadqiqot institutlari ham nanotexnologiya bilan shug‘ullanadi, lekin asosiy maqsad nanotexnologiyadan innovatsiya yarata olish bo‘lishi kerak.

 Eng birinchi qilgan ishimiz suv o‘tkazmaydigan qoplamalarni tayyorlash bo‘ldi. Bunda lotus effektidan foydalandik. Suv yuzasida o‘sadigan lotus guli bor. Uning yuzasi hech qachon kir bo‘lmaydi, ustiga suv tushsa ham suvni shimib olmaydi. Buning sababi o‘rganilganda, gul yaproqlarining yuzasida suvni ushlab turadigan nano, ya'ni metrning milliarddan bir qismi hajmidagi ustunchalar borligi aniqlangan. Biz ham shu ustunchalarni sun'iy yo‘l bilan hosil qildik. Ularni kattaroq, kichikroq, zichroq, siyrakroq qilib moslashtirish, injiniring qilish mumkin. Shuning uchun ham startap laboratoriyamiz Lotus engineering deb nomlangan, ─ deydi g‘oya muallifi.

Laboratoriya tashkil topganiga endigina bir yil bo‘lganiga qaramay, bir necha loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, sun'iy ravishda hosil qilingan nanoustunchali qoplamalardan tayyorlangan materiallar mutlaqo suv o‘tkazmaydi. Ular yordamida har qanday ob-havoga chidamli bo‘lgan palatkalar tayyorlash, suv havzalarida suvga zarar yetkazmagan holda neft mahsulotlarini ajratib olish maqsadida foydalanish mumkin.

Har qanday turdagi virus, bakteriya, mikrob, zamburug‘larni to‘liq yo‘qotib beruvchi sterilizator. Bunday sterilizator bolalar o‘yinchoqlari, oshxona anjomlari, tibbiyot vositalari, kiyim-kechaklarni to‘liq sterillab berishga yordam beradi.

Ultrabinafsha nurlarini qaytaruvchi nanokukunlar ustida ish olib borilmoqda, undan mikrobga qarshi qoplamalar, quyosh nurini qaytaruvchi kremlar, quyosh ta'siriga chidamli matolar tayyorlashda foydalanish mumkin. Shuningdek, bu kukun nafas tarkibini tahlil qilish orqali kishida qanday xastaliklar borligini aniqlashga xizmat qiluvchi ajoyib sensor uchun ham xomashyo vazifasini bajaradi.

Shuningdek, Lotus engineering jamoasi hozirda ekologiya muhofazasi yo‘lida katta burilish yasaydigan loyiha ustida ish olib bormoqda. U maxsus filtrlar yordamida shahar ko‘chalaridagi mashinalardan chiqayotgan zaharli gazni yutib, toza havo chiqarib berishni ko‘zda tutadi.

O‘z startapini muvaffaqiyatli boshlab olgan Amir Obidov yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, startaplarni to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Startap nima uchun kerak? Startap kichkina korxona, ular bozorni yaxshi tushunishi kerak. Har qanday korxona yangilik qilish uchun ko‘p o‘ylaydi, majlislar qiladi. Lekin bu yangilik o‘zini oqlamasligi ham mumkin. Xitoy donishmandi Lao Tszining «Jang san'ati» degan kitobi bor. Unda kichik qo‘shinning katta qo‘shindan o‘z mobilligi bilan ustunlik qilishi bayon qilingan. Startaplar ham shunday. O‘z mobilligi hisobiga ular katta korxonalarni yiqitishi ham mumkin. Dunyo bo‘yicha startaplarning 90 foizi yiqiladi, 10 foizigina o‘zini oqlab keta oladi. Mana shu 10 foizning qatorida bo‘lish uchun startaperlar bozorni yaxshi o‘rganishi, bozor qonuniyatlaridan xabardor bo‘lishi, marketingga jiddiy e'tibor qaratishi kerak. Mahsulot ishlab chiqarish oson, lekin uni sota olish masalasi ham bor.

Ilm-fanga yoshlarni jalb qilish uchun ularning har biri bilan alohida ishlash kerak. Kovorking markazlari ham bunda yaxshi yordam beradi. Shuningdek, yoshlarga shaxsiy namuna ko‘rsata olish zarur, shunda motivatsiya uyg‘onadi. Fanning kuchini, uning yordamida mo‘jiza qilish mumkinligini oddiy fokuslar bilan tushuntirib, ularni hayratga solish lozim.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi
Tasvirchi: Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid