O‘zbekiston | 15:46 / 05.08.2019
32272
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari: «Jasliq»da mahkumlarga nisbatan qiynoq qo‘llanilmagan»

Foto: RIA Novosti

O‘zbekiston Milliy matbuot markazi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 2 avgust kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda mazmun-mohiyati tahlili yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan va uzoq yillar davomida qiynoqlar, mish-mishlar bilan nom chiqargan mazkur jazoni ijro etish koloniyasi ("Jasliq" qo‘rg‘onida joylashgan)ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Odilov ishtirok etyapti.

Tadbirda Bahrombek Odilov “Jasliq” hududida qiynoqqa solish holatlari kuzatilganini rad etdi. “Jasliq” hududida mahkumlarni qiynoqqa solish holatlari qo‘llanilmagan va qo‘llanilmayapti”, dedi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, koloniya 1999 yilda tashkil topib, bu yerda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslar saqlanib kelmoqda.

Bundan oldin, Po‘lat Bobojonov “Jasliq”dagi mahkumlar sonini ochiqlagandi.

Mavzuga oid