O‘zbekiston | 22:40 / 05.08.2019
53496
5 daqiqa o‘qiladi

«Jasliq o‘rnida qamoqxona bo‘lmaydi» - Ichki ishlar vazirligi

2019 yil 2 avgust kuni Prezident tomonidan «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan edi.

Bugun, 5 avgust kuni Milliy matbuot markazida Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari tomonidan ushbu qaror ijrosi va mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Odilov va vazirlik matbuot xizmati rahbari Qutbiddin Burxonov ishtirok etishdi hamda jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi. Vazir o‘rinbosari ushbu koloniya yopilishi O‘zbekiston imijiga ijobiy ta'sir ko‘rsatganini ta'kidlab, AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pamela Spratlen, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari, elchi Eduard Stripraysning fikrlarini keltirdi.

Bahrombek Odilov

«2 avgustdagi qaror bilan Jasliq koloniyasi tugatildi. Bu degani, Jasliq koloniyasi yopildi. Bu tarixiy qaror. Avvalo, bu qaror ortidan mahbuslarning oila-a'zolarining mushkuli oson bo‘ladi. Ularning uzog‘i yaqin bo‘ladi. Mazkur qarorga asosan mahbuslar uyiga yaqin hududlarga joylashtiriladi. Bunga sud qaror qiladi. Bu ishlar 1 oy ichida qilinishi kerak. Biz bunga tayyormiz. Koloniyada 395 mahbus manziliga qarab joylashtiriladi. Bularning 10 foizi diniy-ekstremistik jinoyatlar sodir etgan mahbuslar hisoblanadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Jasliq koloniyasi 1999 yil tashkil etilgan. Bu koloniyani tugatish sabablaridan biri, jamiyatda bu haqida salbiy fikr bildirilayotgani bo‘ldi. Har bir mahbusning ortida kimdir bor. Bu koloniya esa, Qo‘ng‘irot tumanida, tuman markazidan 180 kilometr masofada joylashgan. Prezidentimiz tomonidan bu koloniyani tugatishda shu obektiv sabablar ham inobatga olindi», deya ma'lumot berdi Qutbiddin Burxonov.

Qutbiddin Burxonov

Savollarga javob berar ekan, vazir o‘rinbosari yana quyidagi ma'lumotlarni berdi.

«Jasliq koloniyasida qiynoqlar bo‘lmagan. Mahbuslarga nisbatan qiynoqlar hozir ham mavjud emas. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fikrlar aytilmoqda. Bu yaxshi holat. Uning hududi qarorda keltirilganidek Nukus shahrida joylashgan 2-son tergov xibsxonasi balansiga o‘tkazilgan. Men bir narsani aniq aytishim mumkin, koloniya o‘rnida qamoqxona bo‘lmaydi. Bu aniq. 395 nafar mahbusning keyingi taqdiri haqida aytadigan bo‘lsak, bizda ajratish yo‘q. Shu sababli, bir oy ichida mahbusning keyingi jazoni ijro etish muassasasi belgilanadi. Bu sud qarori bilan belgilanadi. Bunda ularning yashash joyi va boshqa holatlar inobatga olinadi. O‘sha yerdagi ichki ishlar xodimlari ham o‘z yashash hududlaridan kelib chiqib ishlarga joylanadi. Koloniya hududi kelajagini komissiya hal qiladi. Lekin aniq aytishim mumkinki, u yerda qamoqxona bo‘lmaydi», deya ta'kidladi vazir o‘rinbosari.

Jurnalistlar koloniyada eng uzoq muddat jazoni o‘tagan mahbus kim ekanligi haqida so‘raldi. Lekin aniq raqamlar, statistika keltirilmadi.

Jazoni o‘tash muassasalarida ibodatlarni amalga oshirish masalasida berilgan savolga javob berildi.

«Biz taqiqlangan deb ayta olmaymiz. Avvalambor, ichki tartib degan qonun-qoida bor. Tartib-qoida xalaqit qilmaydigan bo‘lsa, amalga oshiriladi. Buning uchun sharoitlar mavjud. Sharoit deganda, uning belgilangan bo‘sh vaqti bo‘ladi», deydi vazir o‘rinbosari.

Savollarga berilgan javoblardan qoniqish hosil qilinmagani, aniq javoblar berilmagani haqidagi e'tirozlarga javoban mutasaddilar ba'zi ma'lumotlar yopiq ekanligini aytishdi.

Qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etish uchun Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Sultanov Jamshid ham so‘zga chiqdi.

Sultanov Jamshid

«Tartib-qoida deganda hammaga birdek o‘rnatiluvchi qoidalarni tushunish kerak. Kimgadir boshqacha tartib, yana kimgadir boshqacha bo‘lmaydi. Hamma uchun bir xil bo‘ladi. Bunday ishlar kun tartibiga xalaqit qilmasligi kerak. Jazoni ijro etish muassasalarida faqat musulmonlar jazoni o‘tamaydi. Kim uchundir namoz ibodatini bajarish vaqti soat 4:00da bo‘lsa, kim uchundir ro‘za tutish uchun saharlik qilishi zarurati bo‘lishi mumkin. Bu kun tartibini tuzishga sabab bo‘ladi. Kimdir ertalab soat 3:00da, kimdir soat 4:00 da tursa, kimdir umuman turmasa... Shuning uchun, shunday yagona tartib o‘rnatilgan. Diniy-ekstremistik oqimlarning boshlanish davri 90-yillarga borib taqaladi. U davrlarda o‘sha g‘oyalar noto‘g‘riligini tushuntirib beradigan haqiqiy din ulamolari ham yo‘q edi. Hozirda Islom akademiyalari, Islom universitetlari rag‘batlantirilmoqda», deydi vazirlik vakili.

Mavzuga oid