O‘zbekiston | 16:45 / 07.08.2019
48209
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston suvning yuqori tanqisligi mavjud bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritildi

Foto: Tim J. Keegan/Flickr

O‘zbekiston suvning yuqori tanqisligi mavjud bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Dunyo resurslari instituti (WRI) tomonidan 6 avgust kuni e'lon qilingan hisobotda aytilmoqda. Tashkilot tomonidan jami 164ta mamlakatdagi vaziyat o‘rganib chiqilgan.

O‘zbekiston bilan birga suvning yuqori tanqisligi mavjud bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatidan 27ta davlat joy olgan. Ularning orasida Turkiya, Misr, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Iroq, Afg‘oniston va Qirg‘iziston ham bor.

Turkmaniston esa suvning tanqisligi o‘ta yuqori bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Unda 17ta mamlakat, jumladan Qatar, Isroil, Livan, Eron, Iordaniya, Liviya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, BAA, Hindiston va Pokiston bor.

Tojikiston va Qozog‘iston esa suvning o‘rtacha-yuqori tanqisligi mavjud bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olgan.

Hisobotda aytilishicha bu mamlakatlar suv resurslarining 80 foizi qishloq xo‘jaligi, sanoat va shaharlarni ta'minlashga sarflanmoqda.

Dunyo resurslari instituti (WRI) suv tanqisligining salbiy oqibatlarini pasaytirishga yordam beradigan bir qancha tavsiyalarni ham keltirib o‘tadi.

• Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish: dalalarni sug‘orish uchun mo‘ljallangan irrigatsiya tizimini yaxshilash, juda ko‘p suv talab qilmaydigan urug‘lardan foydalanish, qishloq xo‘jaligining tejamkor texnologiyalari bo‘yicha izlanishlar olib borish va ularni joriy qilishga mablag‘ yo‘naltirish.

• suv ta'minotidagi mavsumiy tebranishlarni muvozanatga keltirish uchun suvni tozalash inshootlari va suv omborlarini loyihalashtirish va qurishga mablag‘ yo‘naltirish.

• suvdan takroran foydalanish yo‘llarini izlash. Masalan, Vashingtonda suv tozalovchi stansiya kanalizatsiya suvlarini tozalash jarayonida biozolid (kompost) olmoqda.

Qayd qilish joizki, O‘zbekistonda suv tozalash stansiyalari va suv omborlari bor, ammo mamlakatning irrigatsiya tizimi abgor ahvolga kelib qolgan. Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashda ham muammolar bor.

Mavzuga oid