O‘zbekiston | 21:50 / 14.08.2019
35229
13 daqiqa o‘qiladi

Prezident raisligida birinchi yarim yillikdagi natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, yoqilg‘i-energetika, qayta ishlash sanoati va agrosanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari chuqur tahlil qilindi.

Bundan buyon Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar, qo‘mitalar va xo‘jalik birlashmalari raislari o‘zlarining ish uslubini tubdan o‘zgartirib, ko‘proq hududlarga, olis qishloqlarga borib, pastdagi muammolarni aniqlash va hal etishda hokimliklar, tadbirkorlar va joylardagi rahbarlarga amaliy yordam berishi zarurligi ta'kidlandi.

Bunda, har bir kompleks rahbari o‘zining vazirlari bilan birga har chorakda viloyatlarga borib, tegishli sohalardagi mavjud muammolarni hal etishi va natijalari bo‘yicha viloyat xalq deputatlari kengashi va faollari oldida hisobot berishi kerak.

Xuddi shunday, viloyatlar hokimlari ham o‘z o‘rinbosarlari va viloyat boshqarmalari rahbarlari bilan birga har chorakda tumanlarga borib, muammolarni hal qilib, tuman xalq deputatlari kengashi va faollar oldida hisobot beradi.

Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga rahbar va hokimlarning pastga tushib ishlashi va hisobot berishi bo‘yicha yangi tizimni amalda joriy qilish mas'uliyati yuklandi.

Yig‘ilishda makroiqtisodiyot, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari muhokama qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz o‘sgani qayd etildi. Mahalliy budjetlar ixtiyorida 2,6 trillion so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldirildi. Budjet daromadlari qariyb 51 trillion so‘mni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi.

Yig‘ilishda davlat budjetining daromadlari va xarajatlari mutanosib bo‘lishini ta'minlash, mahalliy budjetlarga qo‘shimcha tushumlar rezervlarini topish va safarbar qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Bank tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish va ularning sifatini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Davlatimiz rahbari narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

Dastlabki 6 oyda inflatsiya 5,6 foizni tashkil qilib, prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tayotgani bois mutasaddilarga inflatsiya o‘sishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Ma'lumki, avgust oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, bu borada yangi tizim joriy etish belgilangan edi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalari biriktirildi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Sanoatning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

– Oxirgi bir yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushi 26 foizdan 30 foizga yetgan bo‘lsa-da, bu biz boshlagan islohotlar ko‘lamiga nisbatan hali yetarli emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Joriy yil oxiriga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 25 ta, “O‘zeltexsanoat”da 18 ta, “O‘zavtosanoat”da 7 ta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 5 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilishini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Qariyb 100 xil turdagi kundalik iste'mol tovarlarini sanoat kooperatsiyasi orqali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligi ta'kidlandi.

Mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e'lon qilingan joriy yilda sarmoyalar, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchi yarim yillikda qariyb 86 trillion so‘m, ya'ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p investitsiyalar o‘zlashtirilgani bunga yaqqol misoldir. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 2,7 barobar, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi 3,7 barobar o‘sgan.

Alohida ta'kidlash joizki, mamlakatimiz tarixida birinchi marta investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi. Oldingi yillarda bu ko‘rsatkich 25 foizga ham yetmasdi.

12 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda investitsiyalar va eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta'minlash kerakligi yana bir bor qayd etildi.

Yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tarmoqda yagona davlat siyosatini olib boruvchi Energetika vazirligi tashkil qilindi.

Yig‘ilishda bu sohani izchil rivojlantirish, tobora o‘sib borayotgan ichki ehtiyojni qondirish uchun xomashyo bazasini muntazam kengaytirib borish kerakligi qayd etildi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berishda yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya resurslari uchun hisob-kitoblar tizimini tartibga solish, debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. 

Kimyo sanoatida yangi mahsulotlar ishlab chiqaradigan 4 ta korxonani yil yakunigacha foydalanishga topshirish, 31 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha ishlarni tezlashtirish muhimligi ta'kidlandi.

Avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirib, mahsulotlar tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.

Shundan so‘ng hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunikatsiyalar infratuzilmasini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi. 

Hisobot davrida uy-joylar, yo‘l-logistika va ijtimoiy infratuzilma obektlari qurish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 tumandagi 478 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi, ularga ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 3,6 ming kilometr avtomobil yo‘llarida qurilish-ta'mirlash ishlari bajarildi.

Bu boradagi ishlarni davom ettirib, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash masalalariga yana bir bor e'tibor qaratildi.

Yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 111 ta ko‘p qavatli uylarni qurib bitkazish, 1 ming 200 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularning sifati va narxlarini alohida nazoratga olish zarurligi ta'kidlandi.

Transportda yo‘lovchi va yuk tashish sifatini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, mutasaddilarga 10 ming kilometrlik respublika va mahalliy yo‘llarni qurish va ta'mirlash, xalqaro yuk tashishlarga ixtisoslashgan transport-logistika qo‘shma korxonalarini tuzish, Buxoro, Qarshi, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlarini “ochiq osmon” rejimiga o‘tkazish, “Navoiy quruqlik porti”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, shaharsozlik normalari va loyihalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish borasidagi natijalar ham tahlil qilindi.

Keyingi uch yilda bu sohani barqaror rivojlantirish, mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘plab qarorlar va dasturlar qabul qilindi. Fermerlar manfaatdorligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan iqtisodiy mexanizmlar joriy etildi.

Bugungi kunda iste'mol mahsulotlarining 70 foizi iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ida yaratilmoqda. 180 turdan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 80 ta mamlakatga eksport qilinib, jami eksport tushayotgan daromadning 20-25 foizini ta'minlamoqda. Iqtisodiy faol aholining 27 foizi ushbu sohada band.

Hozirgacha 94 tumanda 76 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilgan. Bu yilgi g‘alla hosili 7 million tonnadan ortdi. 15 ming gektar intensiv bog‘lar va 11 ming gektar tokzorlar barpo etildi.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, kuz oylarida qo‘shimcha sabzavotlar ekish, tumanlarning tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari ham belgilandi.

Mahsulotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish masalasi ko‘rilar ekan, joriy yil oxirigacha quvvati 150 ming tonna bo‘lgan 12 ta logistika markazi va sig‘imi 143 ming tonna bo‘lgan 224 ta muzlatkichli omborxonani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

G‘allachilik klasterlari, chorvachilik, parrandanchilik va baliqchilik komplekslari tashkil etish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. 

Mamlakatimizda ta'lim, sog‘liqni saqlash, turizm, sport va ilm-fan sohalari, xotin-qizlar va yoshlar masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Jumladan, xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash sohalarini uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyalar qabul qilindi. Ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi o‘rtacha 1,5-2 barobarga oshirildi.

O‘tgan davrda 14 ta yangi oliy ta'lim muassasasi, jumladan 6 ta mahalliy va 8 ta xorijiy oliy ta'lim muassasasi filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 40 ta yangi ta'lim yo‘nalishi hamda 41 ta yangi mutaxassislik tashkil etildi. Qabul kvotalari o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘paytirildi.

Turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 6 oyda yurtimizga 3 million nafardan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Shuningdek, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foiz ko‘p turizm xizmatlari eksport qilindi.

Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 100 milliard so‘m ajratildi. Joriy yilning 6 oyi davomida ushbu mablag‘larning 41 foizi o‘zlashtirilib, xotin-qizlar tomonidan 1 ming 755 ta loyiha amalga oshirildi va 2 ming 240 ta ish o‘rni yaratildi.

Yig‘ilishda ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish, xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.

– Barcha davlat idoralari va korxonalarida tizimli ishlash, qat'iy tartib-intizom, qabul qilingan qarorlarni so‘zsiz bajarish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va amaliy yordam berish islohotlarimizning natijadorligini ta'minlashda asosiy omil bo‘lishi zarur va shart, – dedi Prezident.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, hududlar rahbarlari amalga oshirilgan ishlar samaradorligi, 9 oy va yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar, bu boradagi ustuvor vazifalarni bajarish yuzasidan hisobot berdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Mavzuga oid