O‘zbekiston | 10:38 / 16.08.2019
42274
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari: Bayram kunlari poytaxtga keluvchilarga nisbatan hech qanday cheklov bo‘lmaydi

Muhiddin Jo‘rayev / Foto: O‘zA

Bayramlar arafasida xavfsizlikni ta'minlash uchun chegaralarni yopish, ayniqsa, poytaxtga keluvchilarga nisbatan cheklov o‘rnatish kabi choralar qo‘llanib kelingan. Bu qanchalik to‘g‘ri va bu amaliyot hozir ham mavjudmi? 

Bu savolga javob topish hamda Mustaqillik ayyomida osoyishtalikni ta'minlash borasida qilinayotgan ishlar haqida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev bilan suhbatlashdi.

– Haqiqatan ham nafaqat bayramlarda, boshqa paytlarda ham ehtiyot choralarini haddan ziyod kuchaytirib kelingan. Bu bir qarashda qobiqqa o‘ralish, boshqacha aytganda, kosa tagiga bekinib olishga ham o‘xshagan. Afsuski, bu amaliyot to‘g‘ri bo‘lmaganini erkinlashtirish siyosati yaqqol ko‘rsatdi. Yaqin qo‘shnilar bilan hamkorlik aloqalarining kuchaytirilgani, yopib tashlangan chegara postlarining ochilib, fuqarolar, tadbirkorlarning bemalol o‘tib-qaytishi yo‘lga qo‘yilgani nafaqat turizmning, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim rol o‘ynamoqda.

Birgina qo‘shni davlatlar bilan bemalol bordi-keldi qilayotganimiz natijasida yurtimizga kirib keluvchilar soni kuniga ikki mingga yaqinni tashkil etmoqda. Ularning asosiy qismi turistlar bo‘lib, ular tomonidan qo‘pol qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yish keyingi bir yilda umuman qayd etilmadi. Xususan, qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan ana shunday emin-erkin bordi-keldi yo‘lga qo‘yilganda ko‘pchilik xavf paydo bo‘lishidan qo‘rqqani sir emas. Ammo chetdan kirib kelayotgan shaxslar ichida O‘zbekistonga buzg‘unchilik niyatida kelgan yoki terroristik xavf tug‘diruvchi birorta ham shaxs qayd etilmadi.

Bayram arafasida poytaxtga kirib keluvchilarga cheklov o‘rnatish amaliyoti ham mavjud edi haqiqatdan. Ammo bu yurtdoshlarimizga juda ko‘p noqulayliklar tug‘dirib kelgan. Chunki mamlakatimizning nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy markazi bo‘lgan Toshkent shahri bilan hududlardagi aholini bog‘lab turgan aloqalar juda keng qirrali, albatta. Shularni hisobga olib hozirgi kunda bunday amaliyotga ham butunlay chek qo‘yilgan. Bu yil Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida ham, bayram kunlari ham poytaxtga keluvchilarga nisbatan hech qanday cheklov bo‘lmaydi.

Faqat bizning maqsadimiz bayram kunlari hushyorlik va sergaklikni har doimgidan ko‘ra oshirish. Zero, xalqimizning sevimli bayrami tinch va osoyishta o‘tishi uchun mas'ul ekanmiz, bu yo‘lda tunni tongga ulab xizmatda bo‘lamiz.

Mavzuga oid