Sport | 17:16 / 20.08.2019
14913
3 daqiqa o‘qiladi

Server Jeparov: «JCh saralashida guruhimiz favoriti – Saudiya Arabistoni»

O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq sardori Server Jeparov JCh-2022 saralashining «D» guruhida Saudiya Arabistonini g‘oliblik uchun asosiy da'vogar, deb hisoblaydi. Bu haqda u O‘FA matbuot xizmatiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

– O‘zbekiston terma jamoasining guruhdagi ishtirokidan nimalarni kutyapsiz?
– Albatta, faqat ijobiy natija kutyapman. Terma jamoamiz eng yuqori natijani qayd etib, nihoyat jahon chempionatiga chiqish nasib etsin.

Saudiya Arabistonini eng asosiy favorit deb hisoblayman. Ammo darajasi bizdan quyiroq jamoalarga past baho bermaslik kerak. Chunki hozir futbol hamma mamlakatlarda rivojlanib boryapti. Demak, tayyorgarlik ham shunga yarasha bo‘lishi va guruh bosqichidan chiqish kerak.

– Falastin milliy jamoasi haqida fikringiz?
– Bu jamoa bilan o‘ynaganimizga ancha vaqt bo‘lib ketdi, u vaqtda o‘zim ham termada o‘ynardim. Lekin hozirga kelib, o‘ylashimcha, ularda murabbiy ham o‘zgargan, tarkib ham yangilangan.

– Sizningcha maqsadga erishish uchun nimalarga e'tibor berish kerak?
– Bu endi birinchi bosqich bo‘lgani bois, raqiblarga past nazar bilan qaramaslik kerak. Albatta, bizning yigitlarning saviyasi anchagina baland. Biz doim birinchi bosqichdan osonlikcha o‘tganmiz, lekin hozir reglament biroz o‘zgargan – faqat guruh g‘olibi va eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ikkita jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Bu yerda muayyan qiyinchiliklar bor, shuni unutmaslik kerak. Maksimum ochko jamg‘arish, ayniqsa asosiy raqobatchi Saudiya Arabistonidan ochko olishga harakat qilish lozim.

Eslatib o‘tamiz, bu guruhdan O‘zbekiston va Saudiya Arabistonidan tashqari Falastin, Singapur va Yaman milliy jamoalari ham o‘rin olgan. O‘zbekistonliklar ilk turni 5 sentabr kuni Falastin maydonida o‘tkazadi.

Ma'lumot uchun, 2-bosqich yakunida 8ta guruh g‘oliblari va 2-o‘rin egalaridan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 4ta jamoa (jami 12ta terma) JCh saralashining keyingi bosqichiga chiqadi va Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Mavzuga oid