Jamiyat | 08:31 / 22.08.2019
14934
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rt yillik «staj»ga ega brakonerlar faoliyatiga chek qo‘yildi

Joriy yilning 19 avgust kuni Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Olot hamda Qorako‘l tumanlari inspeksiyalari tomonidan Olot tumanining «Qirlishon» MFY, O‘rtacho‘l massivida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbiri chog‘ida «Ural» rusumli mototsiklda «sayr»ga chiqqan ikki fuqaroning xatti-harakatlari e'tiborni tortgan.

O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu shaxslar Qashqadaryo viloyatining Muborak va Mirishkor tumanlarida yashovchi S.X. hamda I.R. bo‘lib, ular ko‘ngilxushlik ilinjida ovga otlangan brakonerlar ekanligi ma'lum bo‘ldi. Ekologik surishtiruvi chog‘ida bu fuqarolar 4 yil davomida kimsasiz cho‘lda brakonerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganliklari, shu kunga qadar 20 bosh jayron ovlagani aniqlandi.

Ular o‘ljasiga aylangan jonivorlardan ikki bosh urg‘ochi jayron bolalashiga oz muddat qolganida ovlangan ekan. Boz ustiga, brakonerlar qo‘llaridagi ov quroli tegishli hujjatsiz, egasiz, ya'ni noqonuniy bo‘lib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunida daxlsiz va davlat muhofazasiga olingan hayvonot olami, ularni ovlashning qat'iy belgilangan mavsumi, hatto baliq oviga doir batafsil ma'lumot berilgan. Bu talablarga rioya etmagan yoxud tabiatga, hayvonot olamiga, shu orqali davlat manfaatlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik muqarrarligi belgilab qo‘yilgan.

Aniqlangan mazkur holat yuzasidan brakonerlikka qo‘l urgan S.X. hamda I.R.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun viloyat IIB hamda Ma'muriy sud organiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid