O‘zbekiston | 13:40 / 10.09.2019
80961
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yilidagi yangiliklar: Barcha talabalar uchun bir xil stipendiya, faol talabalar rektor tavsiyasi bilan rag‘batlantirilishi mumkin

Bugun, 10 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov, vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov, boshqarma boshlig‘i Maqsud Hamroyev, Axborot xizmati bosh mutaxassisi Bahriddin Shayvaliyev hamda bir qator nufuzli oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etmoqda.

Matbuot anjumanida 2019-2020 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining o‘rnatilgani borasida ma'lumotlar taqdim etildi.

Vazir o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov tomonidan ma'lum qilinishicha, qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya davlat budjeti asosida o‘qiydiganlar uchun ham, kontraktda o‘qiydiganlarga ham joriy etiladi.

«Yangi joriy qilingan stipendiyali va stipendiyasiz o‘qish tizimi kech e'lon qilindi. Shunga qaramay, joriy yil sentabr oyidan bu tizm to‘liq ishga tushadi. Joylarda muammo bo‘lmasligi kerak.

Qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya davlat budjeti asosida o‘qiydiganlar uchun ham, kontraktda o‘qiydiganlar uchun ham joriy etiladi», deya vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«4» va «5» bahoga o‘qigan davlat budjeti asosidagi talabalar uchun davlat budjeti hisobidan 50 foizgacha rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratiladi.

Kontrakt asosida o‘qiydigan talabalar «4» va «5» baholarga o‘zlashtirgan taqdirda esa ularga Oliy ta'lim muassassida tashkil etiladigan fond hisobidan 50 foizgacha miqdorida rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratiladi.

«O‘zlashtirishi yaxshi bo‘lgan, ilmiy va jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan talabalarga stipendiyaning 50 foizigacha (200 ming so‘mgacha) miqdorda qo‘shimcha rag‘batlantirish berilishi mumkin. Bunday qo‘shimcha stipendiyani kimga berishni rektorlar hal qiladi. Bunday rag‘batlantirish mablag‘lari grantda o‘qiydiganlar uchun davlat budjetidan, kontraktda o‘qiydiganlar uchun esa OTMlarning har birida tashkil etiladigan fond hisobidan ajratiladi», deydi Sarvar Buzrukxonov.

Bu tizim 1, 2 va 3 kurs talabalarining barchasi uchun ishlaydi. Bitiruvchi kurs talabalari eski stipendiya tizimida (ya'ni ular uchun avvalgidek «3», «4» va «5»lik stipendiya tartibi) o‘qishni davom etadi. Bitiruvchi kurslardagi tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lovi saqlab qolinishi faqat davlat granti asosida o‘quvchi talabalar uchun amalda bo‘ladi.

Qat'iylashtirilgan stipendiya magistrlar uchun ham amal qiladi, faqat birinchi kurslar uchun. Bakalavr va magistratura ta'limidagi barcha bitiruvchilar eski tizim (o‘zlashtirishiga qarab) asosida stipendiya olishda davom etadi.

Stipendiyali va stipendiyasiz o‘qish tizimi oshirilgan kontrakt asosida o‘qiydiganlar uchun ham joriy qilinadi.

Prezident va boshqa nomdor stipendiyalarni olgan talablar uchun stipendiya miqdori saqlab qolinadi.

Nogironlar, kam ta'minlangan oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalar uchun ham OTM fondidan stipendiya qoplab beriladi.

«Jamoatchilik fikridan kelib chiqqan holda, qat'iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya miqdori qayta ko‘rib chiqilishi ham mumkin», deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid