Jamiyat | 17:16 / 11.09.2019
9105
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon tibbiyot instituti klinikasida vodiyda yagona tibbiy kislorod ishlab chiqaruvchi mini-zavodi ishga tushdi

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida tibbiy kislorod ishlab chiqarish mini-zavodining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mazkur yangilik Sog‘liqni saqlash vazirligi va GIZning «O‘zbekistonda peshqadam tibbiy texnologiyalyarni boshqarish» loyihasi asosida amalga oshirildi. Tadbirda ADTI va Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbar xodimlari hamda GIZ vakillari qatnashdilar.

Marosimda so‘z olgan ADTI rektori M.Madazimov, ADTI klinikasi bosh shifokori B. Rahmanovlar tibbiy kislorod shifoxonalarda bemorlarni davolash uchun muhim ekanligi, ilgari klinika uchun kislorodni ballonlarda tashib olib kelinishi, mini-zavod nafaqat tibbiy kislorodni sotib olish uchun xarajatlarini qisqartirib, bemorlarga o‘z vaqtida sifatli tibbiy kislorodni xavfsiz, oson yetkazib berilishini ta'minlashi, ballonlarni yong‘inga qarshi saqlash bo‘yicha paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolar yechimini ham topishi haqida  so‘zladi.

Mini-zavod xarajatlari uchun 130 000 yevro sarf etildi.

Shu kuni ADTI klinikasida «Ginekologiyada laparoskopiya va gisteroskopiya» mavzusida jarroh va ginekologlar uchun mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan soha vakillari qatnashdi. Tibbiyot xodimlari ikki kun mobaynida malakali mutaxassislar qo‘l ostida diagnostika va ginekologik kasalliklarni yuqori texnologiyali tibbiy jihozlar yordamida davolash bo‘yicha o‘z malakalarini oshirdilar. GIZ loyihasi doirasida tashkil etilgan darslar innovatsion texnologiyalar qo‘llanilgan holda o‘tkazilib, tashrix xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiyalar olib borildi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid