O‘zbekiston | 11:20 / 15.11.2021
37547
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon tibbiyot instituti magistri shifokorlar bayrami kuni avtohalokatda vafot etdi

Yo‘l-transport hodisasi talabalar institut ma'muriyati talabi bilan Bo‘ston tumani aholisi orasida so‘rovnoma o‘tkazib qaytayotganida sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Kecha, 14 noyabr kuni Andijon viloyati Bo‘ston tumanining o‘rmon xo‘jaligi hududidagi katta yo‘lda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani aytilmoqda.

Halokatga uchragan avtomashinada Andijon tibbiyot institutining 4 nafar talabasi bo‘lgan. Ulardan 3 nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan RShTYoMning Andijon viloyat filialiga yotqizilgan. Bir nafari, institutning 2-kurs magistri, 1991 yilda Jalaquduq tumanida tug‘ilgan Sh.A. vafot etgan.

Manbaning ta'kidlashicha, talabalar institut ma'muriyati talabi bilan Bo‘ston tumaniga borib, aholi o‘rtasida “Sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini o‘rganish bo‘yicha” so‘rovnoma o‘tkazgan. Hodisa aynan mazkur so‘rovnomadan qaytayotganda sodir bo‘lgan.

“Magistrlar Tibbiyot instituti ma'muriyati tomonidan dam olish kunlarida aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish uchun majburlanmoqda. Mana oqibatda, guldek nobud bo‘ldi”, deydi Tibbiyot instituti xodimi.

Talabalarning dam olish kunlarida so‘rovnoma o‘tkazish uchun yuborilayotganini viloyat sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yurituvchi bir nechta manba tasdiqladi.    

Kun.uz mazkur masala yuzasidan surishtiruv o‘tkazishga kirishdi.

Mavzuga oid