Xulosa chiqarmayotgan odamlar: avtoavariyalar dahshatli “dushman”ga aylanmoqda
O‘zbekistonda har yili 2-2,5 ming kishi yo‘llarda YTHlar qurboni bo‘lmoqda. Yakuniga yetayotgan yilda ham bu raqam og‘riqli tus oldi: tahlillar yuk mashinalari, avtobuslar bilan bog‘liq avariyalar ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2023 yilda ham bir holatning o‘zida 5-6 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan YTHlar sodir bo‘lgan. Kun.uz ularning ayrimlarini yodga oldi.
YTHlar O‘zbekistonda eng og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda – oldini olishga qaratilgan choralarga qaramay har yili yo‘llarda minglab odamlar tezlik yoki qo‘pol qoidabuzarlik qurboni bo‘lyapti. Respublikada 2020 yilda 1962 nafar, 2021 yilda 2426 nafar hamda 2022 yilda 2356 nafar odam avariya oqibatida halok bo‘lgan. Bu raqam 2023 yilning yanvar-iyul oylarida 1115 kishini tashkil etgan.
Yengil va «og‘ir»lar to‘qnashuvi
2023 yilda yuk mashinalari va yengil avtomobillar ishtirokida bir nechta YTHlar sodir etilgan. Ularning ayrimlari juda ayanchli – bir nechta insonning o‘limi bilan yakun topgan.
Masalan, sentabr oyida Namangan viloyatining Chust tumanida DAF rusumli yuk mashinasi haydovchisi rulda uxlab qolishi oqibatida qarama-qarshi yo‘nalishdagi Damas va Labo bilan to‘qnashib ketdi. YTH oqibatida 5 kishi – Damas haydovchisi va 4 nafar yo‘lovchi olingan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
21 noyabr kuni ertalab Farg‘onada shu kabi dahshatli YTH sodir bo‘ldi: Uchko‘prik tumanida Isuzu yuk mashinasi svetoforda to‘xtab turgan Damas bilan to‘qnashgan. Damas ichida jami 11 kishi – haydovchi, Buvayda tumani Yangiqishloqdagi 7-maktabning 5 nafar o‘quvchisi hamda 5 ayol bo‘lgan. Sabzi kovlash uchun Oltiariq tumaniga ketayotgan yo‘lovchilardan 5 kishi – 2 nafar maktab o‘quvchisi va 3 ayol yo‘l transport hodisasi oqibatida vafot etgan.
Yuk mashinasi va yengil avtomobil to‘qnashuvi iyun oyida Samarqand viloyatining Urgut tumanida ham yuz berdi: Cobalt qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib «Kamaz»ga urilgan. Oqibatda, Cobalt haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etgan.
Fevral oyida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida Nexia-3 haydovchisi harakatlanib borayotib, boshqaruvni yo‘qotadi hamda qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Mercedes-Benz yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketadi. Mazkur YTH oqibatida tumanning “Jasliq” posyolkasida yashovchi 5 kishi – ikki erkak va uch ayol halok bo‘lgan.
Yo‘llarga «sig‘mayotgan» avtobuslar
Yakuniga yetayotgan yilda avtobuslar ishtirokida ham ko‘plab avariyalar sodir etilgan. Ularning ayrimlari insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan.
Masalan, 2023 yil 16 dekabr kuni Urgut tumanidan o‘tuvchi 4R-47 Bulung‘ur-Urgut avtomobil yo‘lining Sariqtepa mahallasidan o‘tgan qismida YTH sodir etilgan. Urgut-Nisbot yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti mashinasi oraliq masofani saqlamagan va o‘zidan oldida ketayotan Isuzu avtobusining orqa tomoniga borib urilgan. Oqibatda avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, o‘z yo‘lidan harakatlanib kelayotgan Nexia-3 bilan to‘qnashgan. Hodisa tufayli Nexia-3 haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.
Noyabr oyida esa Samarqandda yo‘lovchi avtobus YTHga uchrab, ag‘darilib ketgan. Oqibatda 1 kishi halok bo‘lgan, 17 kishi jarohat olgan.
Shu kabi, Toshkentda iyun oyida Lacetti va avtobus to‘qnashuvi va iyul oyida avtobus piyodani urib yuborishi oqibatida insonlar halok bo‘lgan.
Gap avtobuslar ishtirokidagi YTHlar haqida borarkan, poytaxt bunday avariyalar sodir etilishi bo‘yicha respublikada “yaqqol peshqadam” ekani oydinlashadi. 11 oyda Toshkent shahrida avtobuslar bilan 94 ta YTH sodir etilgan. Ularning 34 tasida avtobus haydovchilari aybdor bo‘lgan.
O‘lim bilan «to‘qnashgan» piyodalar
Respublikada sodir etilayotgan avariyalar tahlilida piyodalarni urib ketish holati ham «yetakchi» o‘rinda turadi. Bularning aksariyatiga boshqaruvni yo‘qotish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanish hamda piyodalar o‘tish joyida yo‘l bermaslik, haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yoki mast holatda mashina boshqarish kabi qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan.
Shunday ayanchli YTHlardan biri 2023 yilning yanvar oyida Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan: Nexia-2 mashinasi yo‘lni kesib o‘tayotgan to‘rt kishini urib yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, haydovchining atigi bir yillik tajribasi bo‘lgan va u Toshkent-Qashqadaryo yo‘nalishida odam tashish bilan shug‘ullangan.
YTH sodir bo‘lgan nuqtada piyodalar harakatlanishi uchun maxsus yo‘l belgilari o‘rnatilgan bo‘lib, er-xotin ikki farzandini ko‘tarib o‘tayotgan bo‘lgan. Yo‘l o‘rtasida ularni Toshkent yo‘nalishidan kelayotgan Nexia-2 mashinasi urib yuborgan va oila a’zolarining barchasi halok bo‘lgan.
May oyida Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Damas chorrahaning piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan ikki o‘quvchi qizni urib yuborgan. Qizlardan biri oradan 8 kun o‘tib, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay vafot etgan.
May oyida sodir bo‘lgan yana bir holatda Toshkentda Cobalt to‘xtab turgan «Jiguli» bilan to‘qnashgan va uch piyodani urib yuborgan. Piyodalardan biri shifoxonada vafot etgan.
Iyun oyida esa Toshkent viloyatining Qibray tumanida mast haydovchi «VAZ-2106» avtomashinasi bilan uch nafar bolani urib yuborgan. YTH oqibatida 2009 yilda tug‘ilgan piyoda halok bo‘lgan, ikki nafar piyoda turli tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.
Ommaviy avariyalar
2023 yildagi YTHlar orasida bir nechta mashina ishtirokidagi avariyalarni ham ko‘rish mumkin. Ularning aksariyati Toshkent shahrida sodir bo‘lgan.
Jumladan, aprel oyida Toshkent shahrining Yunusobod tumani KHAY - Sharof Rashidov ko‘chalari kesishgan chorrahada ommaviy yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu YTHda «KamAZ», Isuzi, Howo, «ZIL» rusumli yuk avtomashinalari hamda Lacetti, Tracker-2, Nexia-3, Epica, 2 ta Cobalt, 2 ta Spark avtomashinalari o‘zaro to‘qnashib ketgan. Bunga «KamAZ» yuk mashinasining chorrahaga yaqinlashayotgan vaqtda tormozi ishlamay qolgani sabab bo‘lgan.
May oyida esa poytaxtning Yunusobod tumani Moyqo‘rg‘on ko‘chasida 6 ta mashina ishtirokida YTH sodir etilgan. Bunda Malibu-2, BYD SONG, «VAZ-2105», Lacetti, Nexia-3 rusumli yengil mashinalar va «ZIL» rusumli yuk mashinasi to‘qnashgan.
Shu kabi, aprel oyida Shayxontohur tumanida 5 ta, iyun oyida Qo‘yliq ko‘prigi ustida 5 ta, mart oyida Sergeli tumanida 5 ta hamda aprel oyida Shayxontohur tumani Furqat ko‘chasida 4 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.
Ommaviy avariyalar boshqa hududlarda ham uchragan. Masalan, iyul oyida Jizzaxda 7 ta mashina to‘qnashib ketgan. Oqibatda ikki kishi vafot etgan.
«Yo‘lini yo‘qotgan» maxsus mashinalar
Yakuniga yetayotgan yilda maxsus transport vositalarining YTHga uchrashi holatlari ham kuzatilgan.
Masalan, may oyida Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmasi tezkor harakatlanuvchi guruh avtotransporti va tez tibbiy yordam mashinasi o‘rtasida YTH sodir bo‘lgan.
Iyun oyida esa Buxoro-Urganch avtotrassasida UzAuto Motors treyleri YTHga uchragan. Ma’lum qilinishicha, voqea 14 iyun kuni soat 11:40 da ro‘y bergan. UzAuto Motors avtoparkiga tegishli treyler yuk mashinasiga borib urilgan. YTH oqibatida avtovoz kabinasi shikastlangani sababli ikki haydovchi ham olingan og‘ir jarohatlar natijasida vafot etgan.
YTHlar “yugurib”, choralar “yurib” bormoqda
Yo‘llardagi YTHlarning oldini olishga, qoidabuzar haydovchilarga qat’iyroq chora ko‘rishga qaratilgan harakatlar ham amalga oshirilmoqda.
Masalan, 2024 yil 1 yanardan aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy etib belgilanmoqda.
Sodir etilayotgan avariyalarga yechim sifatida qaralgan choralardan yana biri jarima ballari bilan bog‘liq.
Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimi joriy etish haqidagi gaplar 2019 yilda paydo bo‘lgandi. O‘sha yilning may oyida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirilgan. Qaror bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab, milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi joriy etilishi mumkinligi aytilgandi. Biroq bunday bo‘lmadi.
2021 yilning noyabr oyida Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi. 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi joriy etilishi kutildi. Ammo negadir ikkinchi marta ham bu masala ortga surildi.
2023 yilning noyabr oyida ushbu masala yana kun tartibiga chiqdi: Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Qonun bilan qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini joriy etish va jarima ballari bir yil davomida o‘n ikki balldan oshgan hollarda oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinish tartibini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Qonun deputatlar tomonidan qabul qilingan.
Yo‘llarda har kuni o‘nlab insonlar halok bo‘layotgan bir vaqtda YTHlarga qarshi choralarning amaliyotga joriy etilishiga yillar sarflanmoqda.
Yo‘llarga inson qoni to‘kilmasin
2023 yilda yengil mashinalarning o‘zaro to‘qnashuvi, teplovoz va yengil mashinalar to‘qnashuvi bilan bog‘liq YTHlar ham sodir bo‘lgan. Ularning ayrimlari inson o‘limi bilan yakunlangan.
Aslida, bu kabi YTHlarning aksariyati haydovchilarning ehtiyotsizligi, yo‘l qoidalariga amal qilmasligi, shoshmashosharligi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Kun.uz barchani yo‘llarda ehtiyot bo‘lishga, qoidalarga va tezlik me’yorlariga amal qilishga chaqirib qoladi. Toki yo‘llarimizga inson qoni to‘kilmasin.
Mavzuga oid
17:57 / 23.12.2024
Qozog‘istonda yo‘lda buzilib qolgan avtobusdan o‘zbekistonliklar qutqarildi
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
08:45 / 20.12.2024