Jahon | 22:49 / 12.09.2019
19236
3 daqiqa o‘qiladi

Robert Mugabe oilasi va hukumat orasida uni dafn etish borasida ziddiyat kelib chiqdi

Zimbabvening sobiq prezidenti, o‘tgan hafta 95 yoshida vafot etgan Robert Mugabening oilasi mamlakat hukumati ular bilan marhumning dafn etilishi borasida maslahatlashmaganidan norozilik bildirmoqda. Marhumning oilasi uning ona qishlog‘ida yopiq dafn marosimi o‘tkazmoqchi bo‘lgan, hukumat esa dabdabali dafn marosimi o‘tkazib, sobiq prezidentni milliy qahramonlar xiyobonida dafn etmoqchi. 

Singapurdagi shifoxonada vafot etgan Mugabe mamlakatga 37 yil rahbarlik qilgan va 2017 yilgi harbiy to‘ntaruv oqibatida hokimiyatdan chetlatilgandi. 

Hukumat rejasiga ko‘ra, 13 va 14 sentabr kunlari uning jasadi poytaxt Xararedagi futbol stadionida vidolashish uchun qo‘yiladi. Biroq marhumning oilasi bunga norozilik bildirmoqda va shu sababli hukumat bilan uning qayerga dafn etilishi borasida nizo chiqqan.

Mugabening oilasi u bilan vidolashish marosimini ona qishlog‘i Kutamada 15 sentyabrda o‘tkazishni va ertasi kuni yoki 17 sentyabrda o‘sha yerda dafn qilishni rejalashtirgandi.  

Biroq hukumat Mugabeni poytaxt yaqinidagi milliy qahramonlar qabristonida dafn qilmoqchi.

“Biz, uning yaqin qarindoshlari, Zimbabve hukumati Robert Mugabe bilan vidolashish va uni dafn etish marosimining bunday ssenariysiga ko‘nishga majbur qilmoqchiligidan norozimiz. Bu uning istaklariga ziddir”, deb aytgan sobiq prezidentning oilasi.

Bundan tashqari, Mugabening yaqinlari uning oxirgi ko‘rsatmalariga ko‘ra, bevasi Greysning marosimning boshidan oxirigacha bo‘lishidan xavotir bildirishgan.

Ta'lim vaziri Pol Mavxima Mugabe milliy qahramon sifatida dafn etilishiga shubha bo‘lmasligi kerakligini aytgan. U Mugabe muhim shaxs bo‘lgani va u bilan vidolashish marosimiga 50 ga yaqin sobiq va amaldagi davlat rahbarlari kelishini aytgan.

2017 yilda 93 yoshli Mugabe hokimiyatni rafiqasi Greysga topshirishga tayyorlanayotgani xavotiri ostida armiya unga qarshi isyon ko‘tarib, uni hokimiyatdan chetlatgan. Mamlakatning yangi prezidenti Emmerson Mnangagva bo‘lgan.

Mavzuga oid