O‘zbekiston | 19:00 / 14.09.2019
29618
3 daqiqa o‘qiladi

Qaysi holatlarda ish beruvchiga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasini qo‘llash mumkin?

Foto: KUN.UZ

Ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi shartnomaga rioya qilmaslik, uning ish vaqtiga doir bandlari bajarilmasligi yoxud qo‘shimcha haq to‘lanmasligi majburiy mehnat hisoblanmaydi. Aksincha, bu mehnat qonunchiligi buzilishi sifatida talqin etilishi lozim. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xalqaro mehnat tashkilotining qo‘shma matbuot anjumanida shu masalaga oydinlik kiritildi. Spikerlar Kun.uz muxbirining davlat idoralarida ortiqcha ishlashga doir savollariga quyidagicha javob berdi.

- Majburiy mehnat tushunchasi juda keng. U faqatgina paxta mavsumiga doir emas. Masalan, so‘nggi vaqtlarda davlat idoralari xodimlaridan belgilanganidan ortiqcha ishlayotganlari haqida shikoyatlar kelib tushmoqda. BvaMMV davlat idoralarida Mehnat kodeksiga rioya qilinishiga qanchalik e'tibor qaratadi?

«Belgilangan holatdan ortiqcha ishlash majburiy mehnat emas, aksincha mehnat qonunchiligining buzilishi bo‘ladi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga binoan javobgarlikka tortiladi. Ishdan keyin ishlasa, qo‘shimcha haq to‘lashi kerak. Bu ham kodeksda tartibga solingan. 

Umuman, davlat idoralarida mehnat qonunchiligiga rioya qilinnishi borasida vazirlik nima ish qilmoqda, deydigan bo‘lsak, 2019 yilda vazirliklar, davlat idoralari, tashkilotlari va korxonalarining 90 foizini qamrab oldik. Tekshiruv davomida mehnat qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlansa, ish beruvchi 49-modda asosida javobgarlikka tortiladi. Bunda davlat yoki nodavlat tashkiloti bo‘ladimi, farqi yo‘q. 

Shuning barobarida prezident Mirziyoyev ham bu borada qat'iy fikrini bildirgan. Davlat tashkiloti xodimi dam olish vaqtida dam olishi kerak», - dedi BvaMMV vaziri o‘rinbosari Nodirbek Yaqubov.

- Xalqaro mehnat tashkiloti ayni masala, ya'ni davlat idoralari xodimlarining belgilanganidan ortiqcha ishlashi borasida O‘zbekiston hukumati bilan kelgusida qanday hamkorlikni rejalashtirmoqda?

«Me'yordan ortiqcha ishlashni majburiy mehnat bilan adashtirmaslik lozim. Xalqaro mehnat tashkilotida ham ba'zida me'yordan ortiqcha ishlagan holatlar bo‘lib turadi. Majburiy mehnatda siz o‘z ixtiyoringizga qarshi ishlashga jalb etilasiz yoxud qandaydir xatar, tahdid ostida bo‘lasiz. 

Bu savol ko‘proq mehnat sharoitlari va ish beruvchi hamda ishchi o‘rtasidagi shartnoma shartlariga rioya qilinishiga borib taqaladi. Ya'ni majburiy mehnat mavzusiga doir emas. Umuman, XMT O‘zbekiston hukumati bilan qator sohalarda keng hamkorlik qilib kelmoqda. Bular faqatgina bolalar mehnati yoki majburiy mehnat emas, shu jumladan, munosib mehnat, mehnat xavfsizligi, kamsitish, gender tengligi kabilardir», - deya javob berdi Yonas Astrup. 

Mavzuga oid