O‘zbekiston | 15:10 / 18.09.2019
3346
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Iordaniya ishbilarmonlar kengashi tuzilishi kutilyapti

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 17 sentabr kuni Ammon shahrida O‘zbekiston va Iordaniya tashqi siyosat idoralari o‘rtasida ilk marotaba siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vazirlik bosh kotibi Saja al-Majaliy boshchilik qildi.

Siyosiy maslahatlashuvlarda Iordaniya tomonidan rejalashtirish va xalqaro taraqqiyot, sanoat va savdo, raqamli iqtisodiyot va startaplar vazirliklari, parlament, shuningdek, Iordaniya va Ammon shahri savdo-sanoat palatalarining mas'ul vakillari ishtirok etdilar.

Delegatsiyalar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga urg‘u berib hamkorlikning hozirgi holatini batafsil ko‘rib chiqdilar, mintaqaviy va xalqaro muammolar, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi aloqalarning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Turli darajadagi siyosiy aloqalarning davlatlararo hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uzoq muddatli va ko‘p qirrali tus berishdagi muhim rolini tasdiqlandi. O‘zaro savdo, investitsiya hajmini kengaytirish, O‘zbekiston-Iordaniya sherikligining shartnoma-huquq asoslarini mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalar va shartnoma-huquq asosini kengaytirishning alohida ahamiyati qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish va Ishbilarmonlar kengashini tuzish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralarda turistik va madaniy-gumanitar almashinuv masalalari ham ko‘rib chiqildi, deyiladi TIV xabarida.

Mavzuga oid