Jahon | 01:43 / 21.09.2019
22596
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp IShID uchun jang qilgan minglab yevropaliklarni qo‘yib yuborish bilan tahdid qildi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp agar Yevropa davlatlari IShID uchun jang qilgan fuqarolarini qabul qilishga rozi bo‘lmasa, u holda AQSh asirga olingan jangarilarni qaysi davlatdan bo‘lsalar, o‘sha davlat chegarasida qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri kelishini aytdi. 

“Bir kun men “Kechirasiz, biroq siz [Yevropa] ularni ortga qaytarib olishingiz kerak, yo‘qsa ularni chegaralaringizda qo‘yib yuboramiz” deyishimga to‘g‘ri keladi”, deb aytgan Tramp.

“Unda ushbu davlatlar [Yevropa] ularni yana ushlashlariga to‘g‘ri keladi”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti. 

Tramp, shuningdek. AQSh bu jangarilarni asirga olib, “hammaga katta xizmat ko‘rsatganini”, biroq “AQSh saqlanishiga milliardlab dollar sarflanayotgan minglab jangarilarni ushlab tura olmasligini” aytgan.

AQSh prezidenti IShID ustidan g‘alabadagi asosiy hissa AQShga tegishli ekanini yana bir marotaba ta'kidlab o‘tgan. 

Tramp avvalroq ham Yevropa davlatlarini Suriyada ushlangan terrorchilarni qaytib olishga chaqirgan va gap 1,8 ming jangari haqida ketayotganini eslatib o‘tgan.

Yevropaning bir qator davlatlari jangarilarning qaytarilishiga qarshi chiqmoqda. Jumladan, London Trampning qo‘lga olingan jangarilarning sud qilinish uchun qaytarilishi chaqirig‘ini rad etgan, chunki Londonning fikricha, “jangarilar qayerda jinoyat sodir etgan bo‘lsa, o‘sha yerda sudlanishi lozim”. 

Mavzuga oid