Markaziy bank inflyatsion targetlash rejimiga o‘tishi mumkin
Markaziy bank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat pul-kredit siyosatini takomillashtirish hamda Hukumat va Markaziy bankning iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha choralari samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi ishlab chiqildi va Davlat intrektiv xizmatlari yagona portaliga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Farmon loyihasida pul-kredit siyosati sharoitlarini inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish hamda 2023 yildan inflatsiyaning doimiy maqsadli ko‘rsatkichi (target)ni 5 foiz darajasida belgilash nazarda tutilmoqda.
Amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar, jumladan tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi va soliq siyosatidagi o‘zgarishlar ta'sirida inflatsiya hozirgi ikki xonali son darajasida saqlanib qolish xatari oshib bormoqda. Bunday sharoitda inflatsiyani jilovlash bo‘yicha yanada qat'iy choralarni ko‘rish zarurligi inflyatsion targetlashga o‘tish jarayonini jadallashtirishga turtki bo‘ldi.
Inflatsiyaning joriy dinamikasi va prognoz ko‘rsatkichlari Markaziy bankka narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha yuklatilgan vazifalaridan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishda aniq va yanada ta'sirchan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Inflyatsion targetlash sharoitlari va maqsadlarining belgilab olinishi Hukumat va Markaziy bankning inflatsiyani barqarorlashtirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlarini samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Tahlil va hisob-kitoblar, Farmon loyihasida keltirilgan qat'iy pul-kredit siyosatining yuritilishi, davlat yig‘ma budjetining muvozanatli ijro etilishi, shuningdek iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida tarkibiy islohotlarning samarali amalga oshirilishi kabi shartlarning bajarilishi 2023 yilda inflatsiyaning maqsadli darajasiga erishilishiga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, inflatsiyani pasaytirish va uni iqtisodiyot uchun maqbul darajada ushlab turish hamda inflyatsion kutilmalarni jilovlash maqsadida Farmon loyihasida pul-kredit siyosatini takomillashtirish va uning yangi instrumentlarini joriy qilish, Markaziy bank foiz siyosatini tezkorligi va moslashuvchanligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Farmon loyihasining makroiqtisodiy siyosat va tarkibiy islohotlar sohasidagi chora-tadbirlar qismida quyidagilar nazarda tutilgan:
davlat maqsadli dasturlari doirasida kreditlar ajratish usullari va tamoyillarini qayta ko‘rib chiqish, foiz stavkalarini belgilashda 2020 yil 1 yanvardan Markaziy bank qayta moliyalash stavkasidan kam bo‘lmagan darajada, 2021 yil 1 yanvardan esa bozor stavkalarida belgilash, zaruriy hollarda foiz xarajatlarining ma'lum bir qismini qoplab berish mexanizmini qo‘llash;
fiskal siyosat sohasida choralar “budjet qoidalari”ni ishlab chiqish hamda 2020 yildan davlat ichki va tashqi qarzlari yillik o‘zgarish parametri chegarasini tasdiqlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishga qaratilgan;
Davlat budjetini belgilangan ko‘rsatkichlar doirasida ijro etish, shuningdek soliq-budjet va pul-kredit siyosati muvofiqligini ta'minlash va boshqalar.
Mazkur farmon bilan shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra iqtisodiyotni yanada isloh qilish bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar, birinchi navbatda sifatli va muvozanatli iqtisodiy o‘sish hamda narxlar barqarorligini ta'minlash maqsadlariga mos keluvchi tamoyil va vazifalarga asoslanadi.
Bu, o‘z navbatida, zamonaviy ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzulmani yaratish, tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirishni yakuniga yetkazish, davlat korxonalarini isloh qilishda ular faoliyatiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini oshirish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Ma'lumot uchun: inflyatsion targetlash - pul-kredit siyosatining rejimi bo‘lib, unga ko‘ra oxirgi maqsad sifatida narx barqarorligi ko‘zlanadi. Markaziy bank foiz siyosati vositasida uni ta'minlash choralarini ko‘radi va o‘z siyosatining natijasi uchun ommaviy javobgar bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:21
Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘ldi
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024