Jamiyat | 21:30 / 03.10.2019
22540
2 daqiqa o‘qiladi

Tez yordam shifokoriga hujum qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tez tibbiy yordam shifokoriga tan jarohati yetkazgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

«Shifokor Jahongir Hojiyev feldsher bilan birgalikda 29 sentabr kuni chaqiriq bo‘yicha o‘zini yomon his qilgan Dildora M. huzuriga boradi. Qizga ukol qilib, shifoxonaga olib borishadi.

Qizning 29 yoshli akasi Mirhayot M. ham mast holatda shifoxonaga borib, avvaliga shifokorlarni haqoratlaydi, so‘ngra 27 yoshli Jahongirni uradi.

Mirhayot M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi IIBB xabarida.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 6-podstansiyaning tez tibbiy yordam shifokori Jahongir Hojiyevning o‘ziga nisbatan bemor yaqinlari tomonidan tajovuz qilingani haqidagi murojaati e'lon qilingan edi. Unda shifokor bemorning qarindoshlari tomonidan haqoratlanib, unga jarohat yetkazilgani haqida aytilgandi.

Ko‘p o‘tmay Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 7-klinik shifoxonada davolanayotgan Jahongir Hojiyev holidan xabar oldi, uning sog‘lig‘i bilan qiziqdi. Shuningdek, shifokorlarga tajovuz qilish kabi illatning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan har bir noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat'iy javobgarlikni kuchaytirish barobarida uni nazoratga olish kerakligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildi.

Mavzuga oid