O‘zbekiston | 19:52 / 04.10.2019
6314
4 daqiqa o‘qiladi

«Saylov arafasi jonlanib qolishadi». Jurnalist va blogerlar saylov kampaniyasi bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi

Bugun, 4 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi mutasaddilari jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda vakillik organlariga saylov kampaniyasini o‘tkazishda qaysi jixatlarga e'tibor qaratish masalasi muhokama qilindi.

Tadbirda MSK a'zosi Sherzod Qudratxo‘jayev jurnalist va blogerlar bildirgan fikr va takliflar siyosiy partiyalarga yetkazilishini ma'lum qildi.

Taklif etilgan masalalar bir necha bo‘ldi. Masalan, siyosatchilar xalq bilan oddiy, tushunarli tilda so‘zlashishi kerakligi, odamlar ular bilan suhbatda o‘zlarini erkin his qilishi lozimligi aytildi.

Eldor Asanov: “Siyosatchilar xalq bilan oddiy xalqona tilda gaplashishi kerak. Bizda siyosiy partiyalar byurokratik idoraga o‘xshaydi: hamma kostyumda, rasmiy kiyingan. Siyosiy partiyalar ham xalqning vakillari. Xalqning ma'lim guruhining manfaatini himoya qiluvchi kuch. Shunga yarasha ular ham xalqning ichiga kirishi kerak. Soddaroq tilda gapirishi kerak, «Islohotlarning samaraso o‘laroq...» - degan gaplardan qochgan holda”

Shuningdek, uchrashuvda partiya vakillarining saylov arafasida jonlanib qolishi, saylov kampaniyalari xashamatli binolarda o‘tkazilishi, qilinayotgan debatlar ishonchsiz chiqishi holatlari tanqid ostiga olindi.

Zafar Solijonov: “Odamlarga shoular kerak. Partiyalar tortishib, debat qilib shu asosida xulosaga kelishi kerak. Bizda partiyalar 9 oy jim turib 3 oy ichida ko‘rinib qoladi. Bir nima desang, «Debat qilyapmiz – deyishadi. Biroq ular qilayotgan «debatlar» oddiy bo‘ladi va yig‘ilish xulosasiz tugaydi”.

Bahodir Ahmedov: “Uchrashuvlarni hashamatli binolarda emas, oddiy qishloq sharoitidagi joylarda tashkillashtirish ham maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Shunda deputatlarning xalqning ichiga kirayotgani haqiqatdan bilinadi. Oddiy kiyimlarda borib, o‘zlarining xalqning bir bo‘lagi ekanini ko‘rsatishi kerak”.

Qamariddin Shayxov: “Saylov o‘tkazishdan avval chet el tajribasidan namuna olish kerak. Misol uchun, Turkiyada partiyalar saylovdan oldin har kuni OAV va televideniyega chiqishlar qilib boradi. Bizda ham deputatlar shunday chiqishlar qilishi kerak. Markaziy saylov kamissiyasi buni yoritib borishni o‘z zimmasiga olishi kerak. Saylov jarayonlarida mahalliy xorijiy jurnalistlar aralashib ketmasligi kerak. Ya'ni ularni bir biridan ajratib turadigan jihat bo‘lishi kerak”.

Jahongir Mardonov: “Saylov jamiyatni hushyorlikka, ertangi kuniga mas'uliyat bilan qarashga, siyosiy faolligini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Saylovdan keyin jamiyatning to‘xtab qolgan institutlari harakatga kelishi kerak. Deputat asfalt qilishi, svet, gaz masalalarini hal qilishi, menimcha, ishonchsizroq holat. Ular shunday holatlarga yo‘naltirilgan qonunlarning qabul qilinishida yetakchilik qilsa, yaxshi bo‘lardi”.

Bundan tashqari, saylov jarayonining ochiqligi ham muhokamalar mavzusi bo‘ldi. Yig‘ilishda saylovchilarning davomatida OAVning roli yuqoriligi va birgalikda harakat qilish kerakligiga ko‘p bora urg‘u berildi.

Mavzuga oid