O‘zbekiston | 15:18 / 17.02.2023
19756
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand sudlarida har biri 13,5 mln so‘mdan jarimaga tortilgan uch bloger Oliy sudda aybsiz deb topildi

Uch nafar bloger yashashga boshpanasi yo‘qligi sababli molxonada yashayotgan ayol haqida ko‘rsatuv e’lon qilgan. Past Darg‘om hokimligi va IIB ularni tuhmat qilishda ayblagan.  

Foto: KUN.UZ

Ma’lum bo‘lishicha, samarqandlik bloger Jamshid Ismatov ijtimoiy tarmoqda pastdarg‘omlik ayol Navbahor Ulug‘murodovaning molxonada yashab kelayotgani tasvirlangan video tarqatgan. Keyinchalik tasvirga olish jarayonida yana ikki nafar bloger ham ishtirok etgani aniqlanadi.

Videomaterialda ayolning turmush o‘rtog‘i vafot etgani, yashashga boshpanasi yo‘qligi sabab bugungi kunda ukasiga tegishli molxonada yashayotganligi hikoya qilingan.

Biroq Past Darg‘om tumani hokimligi videodagi iddaolarni rad etib, murojaatchi ayol muammosini o‘rgangan blogerlarni spektakl tayyorlashda ayblagandi. Viloyat IIB esa ularga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining (sudya: A.Haydarov) qarori bilan blogerlar – 1987 yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan Nasim Xolov, 1985 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan Jamshid Ismatov, 1980 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Sirojiddin Odilov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (Tuhmat), 45-moddasi (Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 202-2-moddasining 1-qismi (Yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish) bilan aybdor deb topilib, ushbu kodeksning 34-moddasi tartibida har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 13 mln 500 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 30 avgustdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Blogerlarning shikoyati asosida ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqqan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi  ish bo‘yicha asosiy guvoh Navbahor Ulug‘murodovadan mazkur holat bo‘yicha tushuntirish olinmagani, dastlabki surishtiruv organi tomonidan qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, birinchi instansiya sudi ushbu xato kamchiliklarga e’tibor qaratmagani, ish bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ham yuqoridagi qonun va Oliy sud plenumi qarori tushuntirishlariga yetarlicha rioya qilinmasdan, birinchi instansiya sudi chiqargan qarori o‘zgarishsiz qoldirilgani, apellyatsiya instansiyasida so‘roq qilingan blogerlar tomonidan keltirilgan vajlar qanday asoslarga ko‘ra rad etilishi asoslantirib berilmagani aniqlangan.

Bundan tashqari, Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rib chiqilgan J.Ismatov, N.Xolov va S.Odilovlarni tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish, turar joyga unda istiqomat qiluvchilarning xohish-irodasiga xilof ravishda noqonuniy tarzda kirish, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarini sodir etganlikda aybli deb topish uchun asos qilingan dalillar ularni mazkur huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topish uchun yetarli emas va blogerlarning mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgani isbotlanmagan deb topgan.

Shunga ko‘ra Jamshid Ismatov, Nasim Xolov, Sirojiddin Odilovga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2022 yil 1 iyuldagi qarori hamda ularga nisbatan chiqarilgan Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi qarori bekor qilingan. Blogerlarga nisbatan ochilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.

Mavzuga oid