O‘zbekiston | 19:07 / 18.12.2024
10136
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi

Samarqand shahrida avtobus yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Samarqand shahrida avtobus piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea 18 dekabr kuni soat 07:30 atrofida shaharning Narpay yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Avtobus haydovchisi yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda 35 yosh atrofidagi ayol olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.

E’tiborli jihati, ushbu avtobusning orqa qismiga «Umr tezlikdan muhimdir» yozuvli banner joylashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid