O‘zbekiston | 16:23 / 08.10.2019
44066
3 daqiqa o‘qiladi

«Human xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishining yangi tafsilotlari oshkor qilindi

Avvalroq “Human xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi ma'lum qilingandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti  tomonidan jinoyat ishining yangi tafsilotlari oshkor qilindi.

Ergashev Farxod Xamidovich

Aniqlanishicha, “Human xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2019 yil sentyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litva davlatlariga yuborib, ishga joylashtirishni va'da qilib, har bir fuqarodan taklif etilgan ish turidan kelib chiqib, 11.500.000 so‘mdan 35.000.000 so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyatning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazish orqali qo‘lga kiritib, shu kunga qadar ularni ishga joylashtirish choralarini ko‘rmasdan, fuqarolarning 20 milliard so‘mdan ziyodroq juda ko‘p miqdordagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan egallab olishgan.

Mazkur jinoyat ishida “Human xususiy bandlik agentligi” MChJ rahbari Sh.Fayzullayev JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

“Human xususiy bandlik agentligi” MChJ rahbari Sh.Fayzullayev

Jamiyatning Yakkasaroy tumanida joylashgan binosida o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida ishga aloqador bo‘lgan buyum va hujjatlar olingan.

Shuningdek, MChJ mansabdor shaxslari tomonidan jinoiy yo‘l bilan topilgan pullarga harid qilingan Toshkent shahrida joylashgan 4 ta va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 1 ta xonadonlar, bir dona “KIA” rusumli yukmashinasi, bir dona “LACETTI-GENTRA” rusumli va bir dona “COBALT” rusumli avtomashinalar hamda 6.000 AQSh dollar miqdoridagi pullar olinib, ashyoviy dalil deb e'tirof etilgan va ular kelgusida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplashga qaratiladi. 

Hozirda jamiyatning moliyaviy faoliyatini o‘rganish yuzasidan hujjatli taftishlar o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid