O‘zbekiston | 17:21 / 26.08.2023
13065
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xalqaro rivojlanish agentligi Ichki ishlar vazirligiga 50 ming dollarlik texnikalar berdi

USAID tomonidan IIV va uning hududiy bo‘limlariga taqdim qilingan ofis jihozlari odam savdosi sohasidagi jinoyatlarga oid ma’lumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot bazasining samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilishi aytilmoqda.

Foto: USAID

23 avgust kuni O‘zbekiston IIV TQD JQX Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘limi va AQSh Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) hamda “Winrock International” xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti vakillari o‘rtasida xalqaro ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilish yakunida USAID tomonidan vazirlik va uning hududiy bo‘linmalariga qariyb 50 ming dollar miqdoridagi ofis jihozlari taqdim qilingan. Texnikalar odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot bazasining samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida berilgan.

“Yagona markazlashtirilgan axborot bazasi O‘zbekiston hukumati, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xalqaro tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi axborot almashinuvi va birgalikdagi sa’y-harakatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi. Yagona markazlashtirilgan axborot bazasiga odam savdosi jabrdiydalariga ko‘rsatilayotgan yordam xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham kiritiladi.

Ushbu ma’lumotlar qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridagi kamchiliklarni aniqlashga va odam savdosi jabrdiydalari uchun xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha dalillarga asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishga yordam beradi”, — deyiladi IIV axborotida.

 

Mavzuga oid