Tramp Panama kanalini olib qo‘yish bilan tahdid qildi
Va yana bir bor Grenlandiyani sotib olish istagini bildirdi.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar 1999 yilda Panamaga topshirgan shu nomli kanal ustidan nazoratni qaytadan tiklashi bilan tahdid qildi. Bu haqda Tramp 22 dekabr kuni Arizonaning Finiks shahrida o‘tkazilgan AmericaFest 2024 tadbirida gapirgan, deb xabar bermoqda Reuters.
Tinch okeanidagi Panama bo‘g‘ozini Atlantika okeanidagi Karib dengizi bilan bog‘lovchi, yuk kemalari qatnaydigan ushbu kanal Panama davlati hududida qazilgan. Jahon savdosining 2,5 foizi shu kanalga to‘g‘ri keladi, bir yilda u 14 minggacha kemani o‘tkazadi. Panama kanali Osiyodan AQShga avtomobillar va boshqa tijoriy tovarlar importida, shuningdek, Amerika tovarlari, jumladan, tabiiy gaz eksportida muhim ahamiyatga ega.
«U kimningdir manfaati uchun emas, balki biz va Panama bilan hamkorlik belgisi sifatida topshirilgan. Agar [AQSh tomonidan] berilgan saxovatli sovg‘aning ham axloqiy, ham huquqiy prinsiplariga rioya etilmasa, biz Panama kanali o‘zimizga to‘lig‘icha, zudlik bilan va hech qanday savollarsiz qaytarilishini talab qilamiz», — degan Tramp tarafdorlari qarshisida chiqish qilib.
«Prezident Jimmi Karter rahbarligi davrida bu kanalni bir dollar evaziga berib yuborganida, uni faqat Panamaning o‘zi boshqarishi kerak edi, Xitoy yoki boshqa davlat emas», deya uning so‘zlarini keltiradi Bloomberg.
Tramp Panama hukumati kanaldan foydalanganlik uchun haddan ziyod yuqori tariflar o‘rnatgani, Xitoy esa uning ish rejimiga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan va kanal «begona qo‘llar»ga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan. Reuters qayd etishicha, Xitoy kanalni nazorat qilmaydi va boshqarmaydi, ammo Honkongdagi CK Hutchison Holdings’ga aloqador kompaniya kanalga kirishda joylashgan ikki portni boshqaradi.
Tadbirdan keyin esa Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Panama kanali uzra Amerika bayrog‘i hilpirayotgani aks etgan fotosuratni joylashtirdi.
Trampning chiqishidan keyin Panama prezidenti Xose Raul Mulino X ijtimoiy tarmog‘ida Panama mustaqilligi muhokama qilinmasligi, Xitoy esa kanal boshqaruviga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi. Panama prezidenti kanal orqali o‘tganlik uchun joriy etilgan tariflarni himoya qilgan.
«Panama kanali va unga tutash hududlarning har bir kvadrat metri Panamaga tegishli va bundan keyin ham unga tegishli bo‘ladi», — degan Mulino. Reuters yozishicha, Tramp bunga javoban shunday degan: «Buni hali ko‘ramiz!».
Panama kanalini AQSh qurgan va 1920 yilda ochilganidan keyingi o‘n yillar mobaynida uni boshqargan. Qo‘shma Shtatlar va Panama 1977 yilda imzolagan kelishuvda kanal Panama nazoratiga o‘tishi ko‘zda tutilgan. Keyingi yillarda birgalikdagi boshqaruvdan keyin AQSh 1999 yilda kanal ustidan to‘liq nazoratni Panamaga topshirgan.
Donald Tramp hududiy ekspansiya imkoniyatini ko‘rib chiqishi holatlari oldin ham kuzatilgandi. 2024 yil noyabrida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongach, Tramp bir necha marta Kanadani AQSh shtatiga aylantirish zarurligi haqida gapirdi.
Oldingi prezidentligi davrida (2017-2021) Tramp Grenlandiyani sotib olish taklifini bildirgan, ammo Daniya muzokaralar boshlanmasidan unga oshkora tarzda rad javobini bergandi. Tramp 2024 yil 22 dekabrida ham Grenlandiyani sotib olish mavzusiga qaytdi. «Butun dunyo xavfsizligi va erkinligi yo‘lida Amerika Qo‘shma Shtatlari Grenlandiyani egallash va nazorat qilish — mutlaq zarurat deb hisoblaydi», — dedi Tramp Ken Hourini Daniyadagi elchi etib saylaganini e’lon qilar ekan.