O‘zbekiston | 11:45 / 14.10.2019
154432
4 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Otajonovning litsenziyasi tugatildi. «O‘zbekkonsert» rasmiy bildirish bilan chiqdi

«O‘zbekkonsert» so‘nggi paytlarda ayrim san'atkorlar o‘zboshimchalik bilan ish tutib kelayotgani sabab, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, so‘zlashuvi, ya'ni muomala madaniyatida milliy o‘zligimizga yot bo‘lgan holatlar yaqqol ko‘zga tashlanib qolayotgani yuzasidan rasmiy bildirish berdi.

Qayd etilishicha, xonandalarda xulq odobi birlamchi bo‘lmas ekan, har qanday iste'dod va mahoratli ijro ham ikkinchi darajali bo‘lib qolaveradi. Xonandalar xalq nazaridagi inson bo‘lgani bois ularga ayniqsa, yoshlar ergashadi, andaza oladi. Ularning har bir xatti-harakati el nazarida bo‘ladi. 

«Keyingi paytlarda Jahongir Otajonov ana shunday mas'uliyatni biroz unutib qo‘ydi, desak xato bo‘lmaydi. 

Joriy yilning may oyida ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonov tomonidan san'atkor odobiga, milliy urf-odatlarimiz va odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan nomunosib harakatlar orqali keng ommaning muborak Ramazon oyida g‘ashiga tegish hollari kuzatilgandi. Bu shunchaki o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadidami yoki boshqa maqsaddami, baribir ijtimoiy tarmoqlardagi bunday ko‘rinish yoshlar orasida, jamoatchilik o‘rtasida san'at ahli to‘g‘risida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmagan edi. 

2019 yil 9 oktabr kuni «O‘zbekiston» telekanali orqali efirga uzatilgan «Munosabat» tok-shousida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining 2019 yil 14 sentabr kuni «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori ijrosi muhokamasi davomida studiya monitorida to‘ylardan olingan ayrim lavhalar muhokama qilindi. Bu lavhada xonanda Jahongir Otajonov bilan bog‘liq tasvirlar ham aks etib, ishtirokchilar bunga salbiy munosabatlarini bildirishdi», - deyiladi bildirishda. 

Ta'kidlanishicha, xonanda Jahongir Otajonov jamoatchilik e'tirozidan to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilib, turli fikrlar bildirdi. Xonandaning ushbu chiqishi ijtimoiy tarmoq orqali yoshlar orasida va jamoatchilik o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmadi. 

«Xonanda o‘zining ma'naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan bu kabi nomunosib harakatlari orqali Muassasa bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab-shartlarini muntazam ravishda buzib kelmoqda», - deyiladi ma'lumotda. 

Yuqoridagilarni inobatga olib, lisenziat Jahongir Otajonov bilan tuzilgan litsenziya bitimida mavjud talablar va shartlar muntazam ravishda buzilganligini inobatga olib, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asoslanib, Otajonov Jahongir Saparboyevich nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan AA-seriyali, 7422-son litsenziyaning amal qilishi 2019 yil 14 oktabr kunidan tugatildi. 

Shu o‘rinda, xonandaga konsert-tomosha, to‘y-yubiley va boshqa tantanalarda litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tilgan.

«Shu bilan bir qatorda, barcha san'at ahlini ijtimoiy tarmoqlarda san'atkor odobiga zid turli xil bema'ni so‘zlarni tarqatmaslik, jamoatchilik o‘rtasida san'atkorlarga nisbatan noo‘rin munosabat shakllantirilishiga yo‘l qo‘ymasliklari borasida ogohlantiramiz», - deyiladi «O‘zbekkonsert» bildirishida.

Mavzuga oid