O‘zbekiston | 18:15 / 14.10.2019
16295
2 daqiqa o‘qiladi

«Uyma-uy yurib, aholiga pulli xizmat ko‘rsatishni taklif etayotganlar bizning xodimlar emas» - FVV

Bugun, 14 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Vazirlikning Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Dadaxonov respublikaning ayrim viloyatlarida uy-uyma yurib, aholiga pulli xizmat ko‘rsatish taklifini berayotganlar haqida fikr bildirdi.

«Vazirlik aholiga pulli xizmat ko‘rsatmaydi. Bizga bunday vazifa ham yuklatilmagan. Ba'zi viloyatlarda tadbirkorlar tomonidan MChJlar tashkil etilgan va ularning vakillari aholi orasida targ‘ibot ishlarini yuritib, ma'lum summa evaziga fuqarolarni favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish, tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zararni qoplab berishni va'da qilishmoqda. Bu bo‘yicha chuqur shug‘ullanmagan bo‘lsam-da, ma'lum ma'lumotlarga egaman. Ularning ham o‘z Nizomi, ishlash tartibi bor, qonun-qoidalarga amal qilishadi. Faqatgina sug‘urta kompaniyalari ishini bajarishayotganini shaxsan o‘zim noto‘g‘ri, deb bilaman. Har kim o‘z ishini qilishi kerak.

Aslida bu bo‘yicha avval ham ko‘p muhokamalar bo‘lgan. Bizda ularga qarshi chora ko‘rish vakolati yo‘qligi bois Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligiga murojaat qilganmiz. Ayni paytda FVV qoshida shu masalalar va dudburonlar bilan shug‘ullanuvchi DUK tashkil etish ishlari ketyapti. Loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan. «Xavfsiz hayot» va shunga o‘xshash biror nom qo‘yilib, yangi tizim joriy etilsa, MChJlar faoliyati bevosita litsenziya asosida ishlaydi», deya Dadaxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid