O‘zbekiston | 21:30 / 25.08.2022
10962
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatida qamishzordagi yong‘inni o‘chirishga 100 dan ortiq qutqaruvchi jalb etildi

Peshku tumanidagi qamishzorlarda chiqqan yong‘in 100 gektar maydonni qamrab olgan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga 107 nafar qutqaruvchi va mudofaa vazirligi vertolyoti jalb etilgan.

Foto: FVV matbuot xizmati

24 avgust kuni Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi Qoraqir massivi hududida qamishzorlarda yong‘in yuzaga keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilar Buxoro viloyatidagi qamishzorlarda yuzaga kelgan yong‘inni muvaffaqiyatli bartaraf etayotgani haqida xabar berdi.

«O‘tgan kuni Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchilik qismiga Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Qoraqir massivi hududidagi qamishzorda yong‘in  bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Ushbu maydon aholi punktlaridan uzoqda joylashgani sababli aholiga va ularning mol-mulklariga xavf solmagan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining 107 nafar xodimdan iborat yong‘in-qutqaruv brigadalari zudlik bilan yong‘in joyiga yetib borgan. Yong‘in chuqur botqoqlik hududida bo‘lgani sababli Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in-qutqaruv texnikalaridan foydalanishning imkoni bo‘lmadi. Shu sababli yong‘in qo‘lda ishlatiladigan asbob-anjomlar orqali bartaraf etilmoqda.

Bugun yong‘inni o‘chirishga Mudofaa vazirligining maxsus vertolyoti ham jalb qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘in 100 gektar maydonni qamrab olgan bo‘lib, uning 80 foizini o‘chirishga erishildi. Yaqin soatlar ichida yong‘in to‘liq o‘chiriladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid