Jamiyat | 16:28 / 14.10.2019
16206
10 daqiqa o‘qiladi

Yangilanayotgan oliy ta'lim qanday bo‘lishi kerak? - Yosh astrofizik bilan suhbat

Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, ta'lim haqida yetakchi tadqiqotchi olimlar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Fizika-matematika fanlari doktori, Jahon fanlar akademiyasining yosh a'zosi Ahmadjon Abdujabbarov bo‘ldi.

Suhbat mavzusi oliy ta'lim tizimi, undagi muammolar yechimiga bag‘ishlangan. O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari ta'lim tizimi, sifati, o‘quv dasturlari xorijiy universitetlar bilan taqqoslangan holda tahlil qilingan va zarur takliflar bildirilgan. 

— Xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi universitet va institutlardan asosiy farqi nimada — ta'lim sifatidami yoki tizim qulayligida?

— O‘zbekistonda ko‘plab mahalliy oliy o‘quv yurtlari bilan bir qatorda xorijiiy universitetlar filiallari ham faoliyat olib boradi. Ular o‘rtasida farq, albatta, bor: tizimda ham, ta'lim sifatida ham. Bizda ta'lim jahon darajasiga chiqib ololmadi, ta'lim sifati isloh qilinmadi.

Har ikki tizimli ta'lim muassasalarida faoliyat olib borganman. O‘zMU va TATUda fizika fanidan dars beraman, chet elda esa Frankfurt, Seliziya, Fudan universitetlarida ishlaganman, shuningdek, Toshkentda yangi ochilgan Amiti universitetida talabalarga ma'ruzalar o‘qiyman.

Ta'lim sifatidagi farqlarga to‘xtalsam, O‘zbekistondagi oliy ta'limdagi fanlar o‘quv yuklamalari bundan 20-30 yil oldin shakllangani bo‘yi hali tubdan qayta ko‘rib chiqilmagan. Fan, xususan, fizika yoki matematika fanlari bir joyda qotib turmaydi, doim o‘zgarishda bo‘ladi. Har yili tubdan yangilab turish kerak bo‘ladi.

Yaqinda e'lon qilingan Prezident farmonida oliy ta'lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha vazifalar belgilangan. O‘ylaymanki, mana shu vazifalarga to‘g‘ri yondoshilsa, bizdagi ta'lim sifati ham, oliy ta'limdagi o‘qitish tizimi ham jahon standartiga mos kelib qoladi.

Kredit ta'lim tizimiga o‘tilishi, har bir fanni zamon talablariga moslash bilan birga shunga mos ravishda adabiyotlar, ularga eng so‘nggi yangiliklarni kiritish kerak bo‘ladi. Bunda 20-30 yil oldingi ma'lumot emas, yaqin 2-3 yilda ham qancha yangilik bo‘lmoqda. Globallashuv davrida ilm-fan to‘xtab qolgani yo‘q.

Ilm-fandagi eng so‘nggi yangiliklarni talabalarga yetkazib berolmasak, biz chiqarayotgan kadrlarimiz zamonaviy talabga javob bermay qoladi deb hisoblayman.

— Xalqaro reytinglar va unga kirish haqida ko‘p gapiriladi, sizningcha, OTMlar nimalarga ko‘proq e'tibor qaratishi zarur? Davomat va formagami yoki yondashuv o‘zgartirilishi kerakmi?

— Prezident farmonida ikkita universitetni eng kuchli 500 ta universitet qatoriga kiritish vazifa qilib qo‘yildi. Bunga erishish uchun esa ancha-muncha ishlar qilinishi kerak. Milliy universitetda shu borada bir qator vazifalar amalga oshirilyapti. Xususan, professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalarini nufuzli ilmiy jurnallarda chop ettirish yo‘nalishida ishlar qilinmoqda.

Shu bilan birga, universitetlarimizda eski tizimdan qolgan illatlar ham bor. Ya'ni forma va shu kabi narsalarga bo‘lgan e'tibor. Bu bilan men forma kerak emas demoqchimasman. Gap shundaki, bu birinchi galda e'tibor qaratiladigan vazifa emas.

Ko‘p universitetlarda bunga oshiqcha ahamiyat qaratilishi, darslarda ham shuni muhokama qilish — buni darsning haqqiga xiyonat deb atash mumkin. Undan ko‘ra berilayotgan darsni sifatini birinchi o‘ringa qo‘yishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Talabani qandaydir qoliplarga solish noto‘g‘ri deb hisoblayman. Men bilgan xorijdagi yetakchi universitetlarda bu kabi narsalarga e'tibor qaratishmaydi.

Eng yaxshi mingtalik universitetlar reytingiga kirish uchun tamoyillarining ichida universitetning ilmiy salohiyati bilan bir qatorda chet ellik mutaxassislarning jalb etilganlik darajasi ham kiradi. Gap ularning bu yerda dars berishi haqida ham emas. Mahalliy professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda ilmiy ishlar qilishi shu universitet uchun ijobiy natija sanaladi. Va bu reyting ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Universitetlar oldidagi vazifalardan yana biri o‘z jozibadorligini ko‘rsata olish, ya'ni nimasi bilan xorijiy talabalarni, mutaxassislarni o‘ziga jalb qiladi? Buning uchun esa ingliz tilida o‘qitiladigan fanlarni yo‘lga qo‘yish va ko‘paytirish lozim. Chunki ular o‘zbek yoki rus tilida emas, jahondagi ilm-fan tili — ingliz tilida ta'lim olishni xohlaydi. Bu masalada bizni oliy ta'limimiz ancha oqsaydi. Bakalavrga kirgandanoq ma'lum fanlarni ingliz tilida o‘qitishni boshlash zarur. Yoshlar tilni tez o‘rganadi. Bosqichma-bosqich to‘rtinchi kursga kelganda fanlarning yarmi shu tilda olib borilsa, natija yaxshilanadi. Bu narsa talabalar orasida ham tez yoyiladi, tanlov imkoniyatlarini oshiradi. Buni aynan informatsion texnologiyalar sohasiga joriy qilish xorijiy talabalarni tez jalb qilishi shubhasiz.

Bu masalada yana bir tomoni bor: ingliz tilida dars beradigan professorlar. O‘zbekistonda bu borada kadrlar talaygina. Faqat universitetlar ularni o‘ziga torta olsa bo‘ldi. Professorlarimiz yo xorijiy universitetlarga, yo ularning O‘zbekistondagi filiallariga ishlab yuribdi. Imkoniyat, sharoit yaratilsa shu yerga kelib dars bera oladi.

— Universitetlar o‘zlari yetishtirayotgan kadrlarning monitoringini qilishi ularni yuqori reytinglarga yetaklashi mumkinmi?

— Albatta, universitetlar o‘z kadrlarining jahonda qanchalik talabgirligini ko‘rsatish uchun ularni monitoring qilib borishi kerak. Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetini bitirgan talabalar hatto AQSh universitetlarida ishlab yuribdi. Lekin bu monitoring qilinmaydi va buni biz bilmaymiz. Demoqchimanki, OTM shuni monitoringini qilib borishi kerak. Shu o‘rinda yana bir narsa ta'kidlash kerak, bu narsa byurokratik tarzda, bitiruvchilarga qayerda ishlayotgani haqidagi qog‘ozni to‘ldirib kelishini bajartirish bilan ham amalga oshirilmaydi.

Universitet o‘z kadrlarini aniqlash va buni ko‘rsatish orqali o‘zini-o‘zi reklama qiladi, jozibador etadi.

— O‘quv fani va uning predmetiga yondashuv masalasida fikringiz qanday?

— O‘quv fanlari predmetiga yondashuv ham, o‘quv dasturlari tuzish tamoyillari ham tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan mavzular. Negaki, misol keltiraman, TATU axborot telekommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar yetishtirib chiqaradi. Shu dargohda fizika fani ham o‘qitiladi. Bir kurs davomida ularga fizikaning hamma bo‘limlaridan oz-ozdan o‘qitiladi, ya'ni mexanika, molekulyar fizika, elektromagnitizm, optika, yadro fizikasi kabi bo‘limlar o‘quv dasturiga kiritilgan. Natijada talaba na unisini, na bunisini to‘laqonli o‘rgana oladi.

Taqqoslash uchun, xorijiy oliy ta'limdagi aynan shu mutaxassislikka o‘qitiladigan fizika o‘quv dasturida birdaniga elektromagnit signallarini o‘rgatishdan boshlanadi. Chunki informatsion texnologiyalar bo‘yicha tayyorlanadigan mutaxassislar asosan, elektromagnit signallar nima, ular qanday uzatiladi, ularni hosil qiluvchi manbalar, qayd qiluvchi uskunalarni ko‘proq bilishi kerak.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha fizikani moslashtirish kerak. Bizdachi — fizikaning barcha bo‘limlaridan oz-ozdan yig‘ib darsga tatbiq etishadi, natija esa, yuqorida aytilgandek! Taklifim axborot texnologiyalari sohasida fizika yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqish lozim.

Boshqa universitetlarni aytadigan bo‘lsak, laboratoriyalardagi uskunalar juda eski, hatto sobiq ittifoq davridan qolganlari ham bor. Zamonaviylari kam, vaholanki, fizikada zamonaviy jihozlarda laboratoriya tajribalarini ko‘rsatib berish kerak.

Foydalanilayotgan adabiyotlarga kelsak, bu ham shu ahvolda. O‘zim dars beradigan o‘zbek guruhda 1-kurs mexanikadan tavsiya etilayotgan kitob o‘tgan asrning oxirlarida tarjima qilingan kitob, hatto, uni ham topish muammo. Bu nimadan dalolat beradi: yuqoridagi kabi til muammosi va tarjima qilish masalasi.

Tarjima qilish jarayonida yana bir muammo kuzatiladi. Ya'ni fizik, astronomik atamalarni, olimlarning ismlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, qo‘llashda muammolar yuzaga keladi. Olimlar bunda har xilliklarga borib qoladi. Masalan, ingliz tilidagi Black Hole degan so‘zni kimdir «qora tuynuk», kimdir «qora o‘ra», yana birovi «qora o‘pqon» deydi.

Intervyuni to‘liq yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.

Suhbatdosh: Yigitali Mahmudov

Mavzuga oid