Jizzaxda ishdan bo‘shatilib mehnat daftarchasi qaytarib berilmagan xodimga 68 million so‘mdan ziyod ish haqi undirib berildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudlari tomonidan 2019 yilning o‘tgan olti oyi davomida mehnat nizolari bilan bog‘liq 176 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 127 tasi bo‘yicha da'vo arizalari qanoatlantirilgan, 30 tasi bo‘yicha da'vo rad etilgan, 16 ta fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatilgan va 3 ta da'vo arizasi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Shu o‘rinda hayotiy misollarga e'tibor qaratsak. Rahim Ahmadjonov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) "Agrobank" Jizzax viloyati boshqarmasining 2010 yil 24 fevraldagi buyrug‘i bilan bankning Forish tumani filiali boshqaruvchisi lavozimiga tayinlangan.
Ammo 2012 yil 28 iyulda R. Ahmadjonov attestatsiyadan o‘tolmagani sababli Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 2-bandiga ko‘ra, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
"Agrobank"ning Jizzax viloyati boshqarmasi 2012 yil 28 iyulda da'vogarni ishdan bo‘shatgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar mehnat daftarchasini unga topshirmagan yoki topshirish chorasini ko‘rmagan. Shu bilan birga, da'vogar ishdan bo‘shaganida mehnat daftarchasini olganligi to‘g‘risida shaxsiy varaqasiga va xodimlar bo‘limidagi hisobot kitobiga imzo qo‘ymagan.
R. Ahmadjonov "Agrobank"ning Jizzax viloyati boshqarmasiga nisbatan mehnat daftarchasi o‘z vaqtida berilmagani uchun o‘rtacha oylik ish haqi, moddiy va ma'naviy zararni undirish haqidagi da'vo arizasi bilan sudga murojaat qildi.
O‘rni kelganda yana shuni aytish kerakki, R. Ahmadjonov tuman prokurorining 2012 yil 5 sentyabrdagi qarori bilan qamoqqa olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 2013 yil 22 fevraldagi hukmi bilan unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 2015 yil 1 maydagi qarori bilan unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish jazosi bilan almashtirilgan va u ozodlikka chiqqan.
R. Ahmadjonov 2012 yil 28 iyuldan boshlab hozirgi kunga qadar bo‘lgan davrga mehnat daftarchasini o‘z vaqtida bermagani oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq to‘lashni talab qilgan bo‘lsa-da, aynan 2012 yil 5 sentyabrdan — 2015 yil 1 mayga qadar u qamoqda bo‘lgan.
Sud da'vogarning majburiy progul kunlari uchun ish haqi undirish haqidagi talabini muhokama qildi. Bunda da'vogar ishdan 2012 yil 28 iyulda ishdan bo‘shatilgani va ish beruvchi hozirgi kunga qadar uning mehnat daftarchasini bermagani aniqlandi.
Sud 2012 yil 5 sentyabrdan — 2015 yil 1 mayga qadar bo‘lgan muddat nazarda tutilmagan taqdirda ham, javobgar da'vogarning mehnat daftarchasini 50 oy muddat davomida bermasdan kelganini inobatga oldi. Ushbu davr uchun da'vogarning o‘rtacha ish haqi 1 million 372 ming 409 so‘mni 50 oyga ko‘paytirib, jami 68 million 620 ming 450 so‘mni majburiy progul kunlari uchun javobgardan da'vogar foydasiga undirish haqida qaror qabul qildi.
Shuningdek, sud da'vogarning ma'naviy zarar undirish haqidagi talabini muhokama qilib, ma'naviy zararni 1 million so‘m deb baholadi.
Javobgardan da'vogar foydasiga shuncha miqdorda mablag‘ undirishni lozim, deb topdi.
Qisqasi, ish beruvchining qonun talabiga rioya etmasligi uning o‘ziga qimmatga tushdi.
Holbuki, Mehnat kodeksining 108-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.
Shuningdek, "Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida"gi Yo‘riqnomaning 3.1-bandida xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimning mazkur tashkilotda ishlagan davrida mehnat daftarchasiga kiritilgan ishi to‘g‘risidagi ma'lumot, ya'ni yozuvlar korxona rahbari yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxsning imzosi va korxona yoki xodimlar bo‘limining muhri bilan tasdiqlanadi.
Ish beruvchi aybi bilan, masalan, moddiy javobgar xodimga biriktirilgan anjomlarni vaqtida topshirmaganligi uchun bahona qilib mehnat daftarchasini berish kechiktirilsa, u holda butun kechiktirilgan davr uchun xodimga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.
Bunday holda ishdan bo‘shash kuni mehnat daftarchasi berilgan kun hisoblanadi.
Ishdan bo‘shagan kunining yangi sanasi to‘g‘risida buyruq berilib, xodimning mehnat daftarchasiga yozib qo‘yiladi. Bo‘shagan kuni to‘g‘risida ilgari kiritilgan yozuv ushbu Yo‘riqnomaning 2.8-bandida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Xodim ishdan bo‘shaganda mehnat daftarchasini olganligi to‘g‘risida shaxsiy varaqasiga va xodimlar bo‘limidagi hisobot kitobiga imzo qo‘yadi.
Mehnat kodeksining 275-moddasi 2-qismi 1-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga mehnat daftarchasini o‘z vaqtida bermaganlik oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi nizo kelib chiqqan taqdirda, mehnat nizolarini ko‘ruvchi organ xodimning pul undirishga doir talablarini to‘liq qanoatlantiradi.
Mehnat kodeksining 112-moddasi 5-xatboshisiga binoan, ma'naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olib, sud tomonidan belgilanadi. Lekin bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Xulosa qilib aytganda, ish beruvchi xodim bilan mehnat munosabatlariga kirishar ekan, ular mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga rioya etishlari zarur.
Sobir NABIYeV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax viloyati sudining sudyasi
Mavzuga oid
16:45 / 22.12.2024
Jizzaxda tadbirkorning binosi uchun foydalanishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
12:23 / 19.12.2024
Manba: Jizzax viloyati hokimi ishdan olingan
12:31 / 10.11.2024