Light | 14:00 / 28.10.2019
79733
10 daqiqa o‘qiladi

Allaqachon kelajakda yashayotgan 6 aqlli shahar

Bu hududlardagi texnologiyalar tirbandliklarda, chiqindilarni utilizatsiya qilishda va insonlar hayotini saqlab qolishda yordam beradi.

1. Nyu-York

Nyu-Yorkda xavfsizlikka katta e'tibor qaratiladi. Butun shahar kuzatuv kameralari va o‘q ovozi eshitilishi zahoti politsiyaga ishora yuboruvchi mikrofonlar bilan ta'minlangan. Shuningdek, bu yerda texnikaning muayyan sohasida yangilik ishlab chiquvchi oddiy mutaxassislar foydalanishi mumkin bo‘lgan yagona ochiq ma'lumotlar tizimi mavjud. Masalan, uning asosida HunchLab startapi jinoyatdan xabardor qilish uchun vosita yaratgan. Tizim qaysi hududda va qaysi vaqtda xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkinligini aniqlaydi.

2014 yilda Nyu-Yorkda hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan Wi‑Fi taqdim etildi. Maxsus LinkNYC terminallari router vazifasini bajaradi. Uning yordamida internet tarmog‘iga ulanish, shuningdek, smartfonni quvvatlantirish yoki o‘rnatilgan displeylarda xaritani ko‘rish mumkin.

LinkNYC terminali / crainsnewyork.com

Shahar elektr tarmog‘ini tejaydi: avtomatlashtirilgan tizimlar ko‘chalardagi yuklamani o‘rganadi va olingan ma'lumotlar asosida yoritish darajasini boshqaradi. Shunga o‘xshash Midtown In Motion tizimi tig‘iz vaqtlardagi yo‘ldagi svetoforlarni moslashtirish  uchun tirbandliklar haqidagi axborotlardan foydalanadi.

Nyu-Yorkning chiqindi qutilari ham texnologik. Ular BigBelly deb ataladi va quti to‘lgani haqidagi ishorani kommunal xizmatga yuboruvchi datchiklarga ega.

Aqlli urnalar / bigbelly.com

Shahar nafaqat texnologiyalar, balki ijtimoiy dasturlar yordamida ham rivoj topib bormoqda. Masalan ulardan biri — Home-stat — uysizlarni ishga joylashtirishga yo‘naltirilgan. Daydi insonni ko‘rgan har bir aholi vakili ijtimoiy xizmat xodimlarini chaqirishi mumkin. Ular ushbu boshpanasiz odamga mos keluvchi ish o‘rni va boshpana topishga harakat qilishadi.

2. London

Londonning asosiy muammolaridan biri avtomobillar ko‘pligidir. Shahar bu muammoni jamoat transportiga investitsiyalar, kunduzgi vaqtda avtoulov harakatlangani uchun qo‘shimcha soliq va texnologiyalar yordamida bartaraf etmoqda. Texnologiyalar qatoriga haydovchiga bo‘sh joy haqida ilova orqali xabar beruvchi aqlli avtomobil to‘xtash joylari va yo‘lning yuklanganlik darajasidan kelib chiqib nisbatan qulayroq transport vositasini maslahat beruvchi navigator dasturini kiritish mumkin.

Aqlli avtoturargohdagi datchik / urenio.org

Texnologiyalar London mehmonlarini aeroportning o‘zidan qarshi oladi: Hitrou terminallarining biridan avtomobillar to‘xtash joyigacha Heathrow Pods avtomatlashtirilgan vagonlari qatnab turadi.

Aeroportdagi Heathrow Pods / afar.com

Shuningdek, Londonda yagona ochiq ma'lumotlar ombori ishlaydi — shahardagi har qanday ma'lumotdan oddiy aholi va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiquvchilar ham birdek foydalanishi mumkin. Shu turdagi ilovalarning miqdori noaniq, ammo 2017 yilda ularning soni 450taga yetgandi. Ular asoslangan maqsadlar turfa xil: bolalarni bog‘chaga joylashdagi navbatdan tortib shaharning siyosiy hayotida ishtirok etishgacha.

3. Kopengagen

Daniya poytaxtining transport infratuzilmasida birinchi navbatda velosipedlarga ahamiyat qaratilgan. Bu yerda yashil to‘lqin ishlaydi: tizim svetoforlarni velosipeddan foydalanuvchilar ertalab ishga va kechki payt uyga borishdagi yo‘lda kutib qolmasliklari uchun moslashtirib boradi. Velosipedchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘l chetiga qiya chiqindi qutilari o‘rnatilgan, shuningdek, svetofor fazalari haqida ogohlantiruvchi rangli indikatorlarni ham uchratish mumkin — odamlar tezlashish yoki sekinlashish kerakligini oldindan bilishadi.

Kopengagenning DriveNow karshering-xizmati BMW i3 elektrokarlari ijarasini taklif qiladi, bundan tashqari agar ayni vaqtda jamoat transportidan foydalanish afzalroq bo‘lsa, dastur bu haqida bildirishnoma ham bera oladi.

Shaharda havo bilan ishlaydigan tizimli chiqindi qutilarini uchratishingiz mumkin: ularga tashlangan barcha chiqindilar quvurlar orqali masofaviy omborga so‘riladi. Bu usul yo‘llarda chiqindi tashuvchi yuk mashinalardan qutulishga va shaharni ozoda saqlashga imkon beradi.

Ekologik Kopengagenda hatto chiqindi yoquvchi deb nomlasa bo‘ladigan Amager Bakke zavodi mavjud. U yaqin atrofdagi elektr stansiyasi uchun energiya ishlab chiqaradi va chiqindini yoqishda kondensatdan suv oladi. Binoning neveplast qoplamali tomi esa yil bo‘yi chang‘i qiyaligi vazifasini bajaradi.

Amager Bakke zavodi / dezeen.com

Kopengagen hukumati 2025 yilgacha uglerod-neytral tejashga o‘tishni va yer osti qazilma yoqilg‘ilaridan butunlay voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadga erishish uchun quyosh panellari va shamol tegirmonlari, shuningdek, velosiped va elektromobillarning yanada keng tarqalishi yordam beradi.

4. Reykyavik

Aksariyat aqlli shaharlar faqat qayta tiklanuvchi manbalardan elektr energiyasi olishga intilayotgan bir paytda Reykyavik deyarli bu maqsadga erishdi: shaharning 70 foizdan ortiq energiyasi Reykjavík Smart City tomonidan geotermal usulda (Yerning ichki issiqligidan) ishlab chiqariladi.

Reykyavik aholisi shaharda harakatlanish uchun Strætó xizmatidan foydalanadi. U orqali nafaqat eng yaxshi yo‘nalishni topish, balki avtobus uchun chipta sotib olish va jamoat transporti harakatini onlayn kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, Reykyavikda Better — shahar tashabbuslarini taklif etish mumkin bo‘lgan xizmat ommalashgan. Uning 10 yillik faoliyati davomida qo‘shma sa'y-harakatlar natijasida shahar budjeti o‘zining 1,9 million yevro mablag‘ini ajratgan 200dan ortiq loyiha ishlab chiqilgan.

Reykyavik o‘t o‘chiruvchilari va tez yordam xizmati mashinalari svetoforning yashil chirog‘ini kutmaydi va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga ham xalaqit qilmaydi. Buning siri shundaki, Islandiya poytaxtida Sitraffic Stream sun'iy yo‘ldoshli tizimidan foydalaniladi. Har bir favqulodda xizmat mashinasida datchik bor. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni bartaraf etish uchun yoki shifokorlar bemorni qutqarish uchun yo‘l olganlarida sun'iy yo‘ldoshlar ularning transport vositasi holatini 5 metrgacha bo‘lgan aniqlikda kuzatib boradi va svetoforlar rangini avvaldan yashilga o‘zgartirishga ulguradi. 

5. Singapur

Singapur aholisi zichligi bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biridir. Shuning uchun ham u yerda kameralar va turli datchiklarni o‘rnatishga alohida ahamiyat qaratildi. Ushbu moslamalar shahar ko‘chalari ozodaligini kuzatish va qolaversa, yo‘llardagi aholi va avtomobillar oqimini batafsil tahlil qilish imkonini beradi.

Singapur haydovchisiz avtomobillar va avtobuslarni harakatlantirgan ilk shaharlardan hisoblanadi. 2020 yilga qadar ular har bir avtomobilni navigatsiya tizimlari va sensorlar bilan jihozlash istagida, shunda virtual xaritada shahardagi barcha transport vositalarini kuzatish mumkin bo‘ladi. 

Aholining har bir vakili maxsus ID — SingPass deb nomlangan raqamli pasport orqali mahalliy xizmatlardan foydalanishi mumkin.

Texnologiyalar sog‘liqni saqlash tizimiga ham kirib kelgan. Bu yerda, masalan, masofaviy tibbiy yordam tizimi ishlaydi. Shifokorlar o‘z bemorlari bilan video-qo‘ng‘iroqlarni amalga oshiradilar: ularning ahvoli to‘g‘risida axborot oladilar, bu muloqot davomida bemorga dori-darmon buyurishlari va ma'lum mashqlarni tavsiya qilishlari mumkin. Kameralar va sensorlar yordamida ko‘rsatmalar qay darajada bajarilganini nazorat qilish mumkin.

Keksalar yashaydigan xonadonlar datchiklar bilan jihozlangan. Qurilma agar keksa odam yiqilib tushsa yoki ancha vaqt harakat qilmasa, shifokorlarga yoki uning yaqinlariga xabar yuboradi.

6. Seul

Seul ma'muriyati shahar hududida yangi texnologiyani joriy etmoqchi bo‘lsa, avval aholining xatti-harakatlarini sinchkovlik bilan o‘rganadi va keyin bir qarorga keladi. Shahardagi tungi avtobuslar ham xuddi shunday yo‘lga qo‘yildi. Boshlanishiga ular taksi xizmatlariga qo‘ng‘iroqlarni, so‘ngra odamlar yuradigan yo‘nalishlarni tahlil qilishdi. Olingan ma'lumotlar tungi transportga talab katta bo‘lgan tumanlar xaritasini yaratishga yordam berdi. Natijada shahar ma'murlari atigi 50ta avtobus yordamida muammoni bartaraf etishdi.

OLEV elektromobillarining shahardagi sinovi ham shu tarzda o‘tkazildi. Ular quvvatni simlardan emas, yo‘l ostidan o‘tgan elektr tarmog‘idan oladi. Xuddi simsiz zaryadlanuvchi smartfon kabi, faqat juda katta.

OLEV elektroavtobusi

Seulliklar shahar hayotida faol ishtirok etishadi. Barcha axborot omborlari jamoat mulki hisoblanadi. Har qanday dasturchi o‘z xizmati yoki ilovasini yaratishda ulardan foydalanishi mumkin va har bir rezident mahalliy islohotlarni muhokama qilishda o‘z ovoziga ega.

Deyarli barcha seulliklarda smartfonlar va boshqa aqlli uskunalarni uchratamiz: munitsipal amaldorlar o‘zlarining trade‑in dasturini taklif qiladilar. O‘rtahol kishilar eski elektronikalarini topshirishlari va yangi jihozni chegirma bilan sotib olishlari mumkin. 

Biroq, koreyalik vizionerlarning barcha tajribalari ham muvaffaqiyatli bo‘lgan deya olmaymiz. Masalan, Seuldan 30 km uzoqlikda barpo etilgan Songdo shahri eng texnologik rivojlangan ammo aholisi mavjud bo‘lmagan hudud bo‘lib qolmoqda.

Songdodagi arvoh shahar / arup.com

Bu yerda chiqindini siqilgan havo bilan yo‘q qilish tizimi, oqovasiz suv ta'minoti va boshqa ilg‘or texnologiyalar ishlashi kerak edi. Shaharda balandligi 312 metr bo‘lgan Northeast Asia Trade Tower osmono‘par binosi qurilgandi va xuddi Nyu-Yorkning Markaziy xiyoboniga o‘xshash ulkan yashil maydon yaratilgandi. Ammo ushbu kelajak shahri yagona asosiy muammoga dosh bera olmadi — odamlarni o‘ziga jalb qilolmadi.

Mavzuga oid