O‘zbekiston | 20:34 / 30.10.2019
9095
7 daqiqa o‘qiladi

«Kuz-qish mavsumiga boshqacha tayyorgarlik ko‘rdik». Vazir o‘rinbosari issiqlik ta'minotidagi muammolar haqida

Aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan ta'minlash bo‘yicha 4 oktabr kuni prezident huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Biz shu mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida bo‘ldik.

Vazir o‘rinbosari G‘ofur Jamolov bilan kechgan suhbatimiz issiqlik ta'minotidagi muammolar va bu sohada qilinayotgan ishlar mavzusida bo‘ldi.

Kuz-qish mavsumida ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatida yashovchi insonlar issiq suv chiqmayotganidan tez-tez shikoyat qiladi. Shunday muammolar bo‘ladigan mavsumga tayyorgarlik qanday?

Vazirlik tuzilganidan so‘ng, mavjud holatni to‘liq o‘rganib chiqdik. Qozonxonalarga, aholining ko‘p qavatli uylarigacha borib o‘rgandik. Shu bo‘yicha qisqa muddatda va uzoq muddatda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha reja qilingan.

2018 yilning natijalaridan kelib chiqib, kuz-qish mavsumiga boshqacha tayyorgarlik ko‘rdik. Avvallari sinov ishlari nomiga amalga oshirilgan. To‘liq sinov bo‘lmagani uchun qish mavsumida har xil noxush avariya holatlarini keltirib chiqargan. Sinovlarni belgilangan talablar asosida o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik.

Fuqarolardan ko‘p marotaba issiq suvdagi uzilishlar bo‘yicha shikoyatlar tushdi. Chunki tarmoqlarni yuqori bosimda sinovdan o‘tkazdik va natijada 420dan ortiq avariyalar kelib chiqdi. Og‘riqli nuqtalar aniqlanib, almashtirish lozim bo‘lganlarni hisobga oldik.

Avvallari mavsumdan o‘tib olish uchun yamab qo‘yilgan xolos. Bu yil boshqacha yondashuv asosida og‘riqli nuqtalarni aniqlashga va yangilashga harakat qildik.

Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarda muhandislik tarmoqlari ba'zilarida almashtirilgan, lekin ba'zilarida ishlar qilinmagan. Muammolarni aniqlab olish maqsadida o‘zim boshchiligimda feysbukda «Issiqlik ta'minoti» nomli guruh ochdik. Bir oy ichida 1,5 ming fuqaro a'zo bo‘ldi. Chunki bu masalada aholining dardlari to‘planib qolgan. O‘zim ham bir nechasiga chiqib keldim. Qayerdadir tarmoqda muammo bo‘lsa, qayerdadir uyning ichida muammo bor. Berilgan issiqlik yilma-yil aylanib, quvurlar to‘lib boravergan. Hozir bu trubalardan igna ham o‘tmaydigan bo‘lib ketgan.

Iste'molchi sifatida o‘zim ham boshimdan o‘tkazdim. Ikkita xonamda issiqlik bor, bittasida yo‘q. Issiqlik ta'minoti korxonasi ko‘p qavatli uylarda elevator moslamasigacha olib kelishga majbur. Biz shirkatni chaqirib, birgalikda o‘rgandik. Suv tugul, puflasangiz havo ham o‘tmaydi. Pensionerlarimizning issiqlik radiatorlarini o‘zimiz yuvdirib ham berdik.

Bu – nafaqat issiqlik ta'minoti, shirkatning yoki xonadon egasining ishi, bu hammamizning ishimiz. O‘zimiz kuz-qish mavsumiga tayorgarlik qilsak, sifatli issiqlik olamiz.

G‘ofur Jamolov

– Prezident bu soha bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida asosan xususiy sektorga berish masalasini ko‘tardi. Bu qanday tartibda amalga oshiriladi? Narx, sifat masalasini vazirlik nazoratga oladimi?

– Yig‘ilishda mulkdorlarni jalb qilish bo‘yicha alohida topshiriq bo‘ldi. To‘g‘ri, ayni vaqtda bu sohaning investitsiya jozibadorligi past, chunki mavjud tizim juda eskirgan. Lekin xususiy mulk egasi doim alohida e'tiborni sifatga qaratadi. Sifatli xizmat ko‘rsatadi va mablag‘lar yig‘iladi.

Shuningdek, tashkilotlarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratildi. Sobiq ittifoqdan qolib ketgan ma'muriy buyruqbozlik tizimidan voz kechib, o‘zimizni iste'molchiga xizmat ko‘rsatuvchi deb hisoblaydigan bo‘lishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Iste'molchi sifatli xizmatlarni olishga haqli. Buning uchun raqobat muhiti bo‘lishi kerak. Natijaga ishlaydigan mexanizmlarni tatbiq qilish asosiy vazifalardan biridir.

Biz doim ochiqmiz. Hamkorlik qilishga tayyormiz. Davlat-xususiy sherikchiligida o‘zimizning va xorijlik hamkorlar bilan loyihalarni birga amalga oshirishga tayyorligimizni aytyapmiz. Davlat nima qiladi, investor nima qiladi – bular shartnoma asosida tartibga solinadi. Investor mablag‘ tikib, sohani rivojlantirib, daromad olishini mexanizmini yaratish asosida ish olib boramiz.

– Issiqlik faqat kuz-qish mavsumida beriladi, lekin uning uchun yil bo‘yi pul to‘lanadi. Bu borada shikoyatlar ham keladi. Bunday tartibga sabab nima?

– Bu ko‘p yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan tartib bo‘lib, ijobiy va salbiy jihatlari bor. Biz ommaga tahlil qilganimizda ko‘p fikrlar ham bildirildi.

Bu, aslida, issiq suv ta'minoti qimmatligidan, yil 12 oyga bo‘lib to‘lash maqsadida qilingan. Bu nafaqat iste'molchilarning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda, balki issiqlik ta'minotining o‘ziga ham ziyon keltirmoqda. Chunki iste'mol qilingan gaz, elektr, suv uchun tartibi bo‘yicha oldindan to‘lov qilish kerak. Issiqlik ta'minotining pulini yil davomida yig‘ib olish kerak.

Prezidentimiz tomonidan ham issiqlik ta'minoti ishlatilgan kun uchun pul to‘lash tizimini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Oldimizga aniq muddat berildi.

– Demak, yaqin yillar ichida yangi tizimga o‘tiladi?

– Bizga keyingi yilga aniq vazifa qo‘yildi. Jahon Banki bilan loyihamiz bo‘yicha Chirchiq va Buxoro shaharlarida yopiq tizimni pilot tarzida ko‘rsatib berish bo‘yicha ko‘rsatma oldik. Hozir bu boradagi ishlar amalga oshirilmoqda, pudratchilar aniqlanmoqda.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi.

«O‘n mingga yaqin ko‘p qavatli uyda issiqlik ta'minoti yo‘q». Vazir o‘rinbosari bilan suhbat

Mavzuga oid