O‘zbekiston | 16:35 / 01.11.2019
13366
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 1 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi IES qurish loyihasi bo‘yicha ishlar boshlandi

Sirdaryo viloyatida quvvati 1300 megavattga teng bug‘ va gazda ishlaydigan elektr qurilmasi barpo etiladi. Loyihaning texnik-iqtisodiy tahlili Xalqaro Moliya Korporatsiyasi ko‘magida 14 oy ichida ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Foto: O‘zbekenergo

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Energetika vazirligi va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi vakillari ishtirokida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda dastlabki qiymati 1 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini tayyorlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar rejasi muhokama etildi.

Ma'lumki, joriy yilning oktabr oyi boshida DXSh agentligi, Energetika vazirligi hamda Xalqaro Moliya Korporatsiyasi tomonidan Sirdaryo viloyatida DXSh asosida 1300 MVt quvvatga ega IES qurish bo‘yicha tender tanlovini o‘tkazish va tegishli xujjatlarni tayyorlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga oid shartnoma imzolangan.

Sirdaryo IES – Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi. Uning umumiy quvvati – 3000 MVt (har biri 300 MVt quvvatga ega o‘nta energoblok). Yangi IES eskisidan bir kilometr uzoqlikda qurilishi rejalashtirilgan.

DXSh agentligidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, XMK konsultantlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda loyihani amalga oshirish shartlari (Heads of terms), DXSh kelishuvlari (Power purchasing agreement), loyihaga investitsiyalarni keng jalb etish metodlari, texnik, moliyaviy va yuridik ekspertizadan o‘tkazish masalalari muhokama etilgan.

Foto: Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi

XMK bilan dastlabki kelishuvlarga asosan, korporatsiya konsultantlari 14 oy ichida loyihaning texnik-iqtisodiy tahlilini tayyorlashadi. Shu muddat davomida moliyaviy va yuridik ekspertizasini amalga oshiradi, tender xujjatlarini tayyorlaydi, DXSh kelishuvlari va tenderni o‘tkazib, g‘olib investorni e'lon qilishadi.

Mazkur jarayonlarda Xalqaro Moliya Korporatsiyasi:

  • standartlarga mos tender hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashadi;
  • yirik xorijiy investorlarni loyihaga keng jalb etadi;
  • tanlovning shaffof, raqobatbardosh o‘tishini ta'minlaydi.
Foto: Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi

Ma'lum qilinishicha, ekspertlar IESni qurishda bug‘-gaz qurilmalarini birgalikda bunyod etish muhimligini qayd etishgan. Boisi:

  • bug‘-gaz qurilmalari energiyani konvertatsiya qilish yoki uzatishda elektr koyeffitsiyenti samardorligining 60 foizga yetishini ta'minlaydi. Taqqoslab ko‘rilsa alohida-alohida ishlaydigan qurilmalar odatda bu ko‘rsatkichni 33-45 foizga, gaz turbinalari esa 28-42 foizgacha ta'minlaydi;
  • birgalikda o‘rnatilgan kuvvatlar narxi arzon;
  • elektr energiyasini ishlab chiqarishda bug‘-gaz qurilmalari burg‘ulash uskunalariga nisbatan ancha kam suv sarflaydi;
  • 9-12 oy ichida qurilish ishlari yakunlanadi;
  • yoqilg‘ini muntazam ravishda tashish bo‘yicha ehtiyojlar kamayadi;
  • yangi qurilmalar amaldagi bug‘ uskunalariga nisbatan ancha ekologik toza.

Mavzuga oid