O‘zbekiston | 23:30 / 04.11.2019
26022
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda internet tezligini oshirish uchun qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi

O‘zbekistonda 2019 yilda 10 ming, 2020 yilda 20 ming km optik tolali liniyalar quriladi, deya ma'lum qildi soha vazirligi rasmiysi.

Foto: Fotolia

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yaqinda Moskvadagi «Ochiq innovatsiyalar - 2019» forumida O‘zbekistondagi internet tezligi haqida gapirib, respublika aholisining yarmi istiqomat qiladigan qishloqlarni raqamli infrastruktura bilan qamrab olish muammo bo‘layotganini aytgandi.

Kun.uz muxbiri 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bosh vazir aynan qanday muammolarni nazarda tutgani, mavjud muammolar qanday hal qilinishi bilan qiziqdi. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshevning aytishicha, 2020 yilning oxirigacha O‘zbekistonda raqamli infrastrukturadan foydalanuvchilar ulushini o‘rtacha 65 foizga olib chiqish kutilmoqda.

«Respublika bo‘yicha 786 ming portga teng keng polosali texnologiyalarga asoslangan uskunalar o‘rnatildi. Albatta, bu kam. Joylarda raqamli infrastrukturani yanada kengaytirish uchun yil yakuniga qadar 620 ming portga teng bo‘lgan qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha nufuzli kompaniyalar bilan birgalikda kontraktlar imzolangan. Shu loyihalarni amalga oshirish bilan optik tolali liniyalar yana qo‘shimcha quriladi.

Agar raqamda aytadigan bo‘lsam, 2019 yilning o‘zida 2000 kilometrli rejani 10 000 kilometr qilib bajaryapmiz yil yakunigacha. 2020 yilda roppa-rosa ikki barobar, ya'ni 20 000 kilometrga yaqin optik tolali liniyalar qurishni rejaga kiritganmiz. Shunda biz raqamli infrastrukturadan foydalanuvchilarning sonini o‘rtacha 65 foizga olib chiqamiz», – dedi Qahramon Yo‘ldoshev.

Mavzuga oid