O‘zbekiston | 08:37 / 02.12.2020
30634
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni ma'lum qilindi

2020 yilning 1 noyabr holatiga O‘zbekistonda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 43 581 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda OITSga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yo‘ldoshev ma'lum qildi.

Foto : MED360

Uning aytishicha, mamlakatda OITSga qarshi kurash tizimi oxirgi yillarda o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida qator yutuqlarga erishib kelmoqda. 

“Yurtimizda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatda barqarorlashish kuzatilmoqda. Bu esa BMTning OIV va OITS bo‘yicha qo‘shma dasturining dunyo miqyosida tan olingan “90-90-90” strategik maqsadlariga erishishida katta ahamiyat kasb etadi. 

Mamlakatimizda 78ta OIV diagnostika laboratoriyalari faoliyat olib bormoqda, ulardan 15tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63ta tumanlararo laboratoriyalardir. Ushbu laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PsR, immunologik, klinik, biokimyoviy va bakteriologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Davlatimiz tomonidan laboratoriyalarni test-sistema va reagentlar bilan ta'minlash uchun har yili 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda”, — deydi Qahramon Yo‘ldoshev.

Qayd etilishicha, OIV aniqlangan shaxslarni davolashning dunyoda tan olingan usuli – retrovirusga qarshi davolash bo‘lib, respublikada bemorlarning 70 foizdan ortig‘i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan. 

“Pandemiya davrida chet eldan kelgan 261 394 nafar mehnat muhojirlari OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olindi va OIV aniqlangan holatlarda dispanser nazoratiga olindi.

Pandemiya sharoitida bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarga quruq sut aralashmalari oylik ehtiyojidan kelib chiqib, 3 oylik zaxirasi bilan tarqatildi”, — deya aytib o‘tdi OITSga qarshi kurash markazi direktori.

Mavzuga oid