Jamiyat | 20:20 / 06.11.2019
14435
3 daqiqa o‘qiladi

«Mazali» fotoreportaj: «Lazzatli O‘zbekiston» xalqaro kulinariya chempionati qanday o‘tkazildi?

6–8 noyabr kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar maydonida «Lazzatli O‘zbekiston» (Delicious Uzbekistan) xalqaro kulinariya chempionati ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Musobaqalarda 30ga yaqin xorijiy davlatlardan, jumladan AQSh, BAA, Ozarboyjon, Turkiya, Jazoir, Hindiston, Pokiston, Ruminiya, Gretsiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlardan 250 nafar pazanda ishtirok etyapti.

Xalqaro kulinar chempionatini tashkil etishda Jahon bosh oshpazlar hamjamiyati uyushmasi (WACS) hamda Jahon islom pazandalari uyushmasi (WICS) hamkorlik qilmoqda. Ushbu chempionat Jahon bosh oshpazlar hamjamiyati uyushmasi (WACS) tadbirlar jadvaliga kiritilib, xalqaro chempionat maqomiga ega bo‘ldi.

Jahon bosh oshpazlar hamjamiyati uyushmasi (WACS) prezidenti Tomas Gugler, Jahon islom pazandalari uyushmasi (WICS) vitse-prezidenti Tahir Amirslanov chempionat faxrli mehmonlari hisoblanishadi.

Jamoalar «SP1» (milliy nonushta tayyorlash) yo‘nalishi, «SP2» va «JP2» (go‘shtli taom tayyorlash) yo‘nalishi bo‘yicha professional va yosh oshpazlar bellashadi. Musobaqadan so‘ng esa birinchi kun musobaqalari yakuniy hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Chempionatning ikkinchi kunida musobaqachilar «SP3» va «JP3» (xamirli taom tayyorlash) hamda «SP4» va «JP4» (baliqli taom tayyorlash) yo‘nalishlari bo‘yicha, kunning ikkinchi qismida «SP5» va «JP5» (vegetarian taom tayyorlash) hamda «SPD» va «JPD» (desert tayyorlash) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.

So‘nggi bosqichda ishtirokchilar «SPC» va «JPC» (karving) yo‘nalishida musobaqalashadilar. So‘ng «SPT» va «JPT» (final, jamoaviy musobaqa) yo‘nalishi doirasida bahslashadilar. Bu yo‘nalish «Black Box» deb atalib, unda jamoalar maxsus berilgan mahsulotlarning barchasini ishlatgan holda taom tayyorlaydilar. Bundan tashqari, «Golden Chef» nominatsiyasi uchun ham «SPG» yo‘nalishida musobaqa o‘tkaziladi. Unda oshpazlardan uch xil taom tayyorlash talab etiladi (salat, quyuq taom va desert).

Mavzuga oid