O‘zbekiston | 12:29 / 15.08.2023
40269
9 daqiqa o‘qiladi

Shaharliklarga qishloq ta’mini sotyapman – uy taomlari pishirib sotayotgan yosh ona hikoyasi

Nigora Toshmurodova – til va adabiyot yo‘nalishida ta’lim olgan. Ilmga mukkasidan ketib o‘qib yurgan Nigora oilali bo‘lib birin-ketin farzandlari tug‘ilgach, o‘zini boshqa yo‘nalishda sinab ko‘ryapti: xamirli ovqatlar pishirib sotishni yo‘lga qo‘ydi. “Restoranlarning ovqatlari ziravorlarga boy va xushbo‘y, mazali bo‘ladi. Men esa aynan qishloq va uy ta’mini sotyapman”, deydi Nigora o‘z ishi haqida.

Foto: Kun.uz

“Supraga yaqinlashmaydigan qiz edim”

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bakalavr va bir yil magistratura o‘qiganman. Ketma-ket farzandli bo‘lganim uchun magistraturani davom ettira olganim yo‘q. Hozir bir qiz va o‘g‘il farzandimiz bor.

O‘qishga mukkasidan ketgan va shaharlikka aylangan barcha talaba qizlardek pishir-kuydir, ro‘zg‘or ishlaridan ancha yiroq bo‘lganman. O‘qishga ham kollej, litsey o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan fan olimpiadasida g‘olib bo‘lib, imtiyoz bilan kirganman.

Ayam kelgan sovchilarning hammasiga hech ishni bilmasligimni aytgan va bunga ko‘ngan qaynonamning uyida kelin bo‘lgach ham supraning oldidan uzoq bo‘lganman. Xullas, yaxshi kelin bo‘lmaganman.

Hozir ayam ham, qaynonam ham hayron bo‘lishadi, shuncha narsani qanday qilyapsan, deb. Kitobdan boshimni ko‘tarmagan, shoirlikka, maqolalar yozib, olimlikka intilib yurgan paytlarim oshpazlik haqida tasavvur ham qilmaganman. Farzandli bo‘libgina ro‘zg‘or qilishni ozgina o‘rgangan odamman. Yaqinda universitetga bordim. Eng qizig‘i, hamma meni o‘sha joyda ham bakalavr, ham magistraturada o‘qiganimnimas, ismaloqli taomlar tayyorlashimni bilisharkan. Bundan xursand bo‘lishimni ham, xafa bo‘lishimni ham bilmayman.

Nigora Toshmurodova oilasi bilan

Kichik biznesning boshlanishi

Bola parvarishi ta’tilida uyda qolgach, xamirli uy taomlarini pishirib mijozlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydim. Dastlab yarimfabrikatlar tayyorlab sotmoqchi bo‘lganman. Telegram orqali shu ish bilan shug‘ullanuvchi guruhlarni kuzatib yurardim. Men biladigan yarimfabrikatlar tayyorlab beradiganlarning ko‘pchiligi yosh bolali ayollar.

Ishimning boshlanishiga esa turmush o‘rtog‘imning kechga yaqin pichak (turli masalliqlar, ismaloq, ko‘katlar solib yupqa qilib tandirda yopiladigan taom) yegisi kelib qolishi sabab bo‘lgan. Erim yarim kechasi tayyor bo‘lgan pichak rasmini Facebook’ka joylagach, ko‘pchilik qizib qoldi. Shu bilan boshlanib ketgan hammasi. Dastlab, yuz ming so‘m bilan boshlaganman ishimni.

Aslida, bu ishni bolalar bilan qilish osonmas. Ba’zan bolalarimni qiynayapman deb o‘ylayman. Chunki ularga berishim kerak bo‘lgan vaqtim, mehrim, e’tiborim ikkiga bo‘linadi. Bir kun oldin berilgan buyurtmalarni bemalol tongda, ular uxlayotganda tayyorlayman. Ba’zan shoshilinch buyurtmalar bo‘ladi. O‘sha paytda qiynalaman.

Yosh oilamiz. Bir kishining oyligi bilan shaharda yashash qiyin. Shuning uchun hech bo‘lmasa bolalar va o‘zimizning xarajatimizni qoplasin deb harakat qilaman. Kichkinam yaqinda bir yosh bo‘ladi, hozir ayni e’tiborga muhtoj paytda. Ba’zan kechasi bilan uxlamaymiz. Kunduzi esa ish. Charchayman-u, lekin shu ishni qilmagan kunim ko‘proq charchayman. Odam harakat qilib turgani yaxshi ekan.

Taomlar haqida

Shaharda yashayotgan odamlar qishloqning iforini beradigan taomlarni chindan sog‘ingan. Balki, mijozlarim shuning uchun ham men pishirgan ovqatlarni qayta-qayta buyurtma qilishar. Restoranlarning taomlarida ziravorlar hisobiga juda xushbo‘y hid va ajoyib ta’m bor. Lekin qishloqning samimiyligi yo‘q. Men taomlarimni onam, qaynonam qanday qilgan bo‘lsa, shunday qilishga harakat qilaman. O‘zimning supram, taxta-o‘qlovim bor. Ziravorlarni ko‘p qo‘shmayman.

Qishloqdan (Samarqand viloyati, Ishtixon tumanidan) saryog‘ ham olib keltirib sotaman. Ko‘pchilik ishonchlimi, hidi yo‘qmi, deb so‘raydi. Boshida hayron qolardim, saryog‘da o‘zining hidi bo‘ladi-ku, shuni aytyaptimikan, deb. Keyin bilsam, saryog‘ga sun’iy narsalar qo‘shib ko‘paytirisharkan. Lekin qishloqlarda margarin nimaligini bilmaydiganlar, somsa, patirlariga ham saryog‘ suradiganlar bor. Bu ma’lumotni keltirishimning sababi esa boshqa. Shaharning odamlari sun’iy ta’m berilgan taomlardan bezgan, nazarimda.

Hozircha menda eng katta muammo joy muammosi. Agar mana shu narsani hal qilib, yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yib olsam, juda katta biznes qilsa bo‘ladi, degan xulosaga kelganman. Juda ko‘p odamlar uzoq bo‘lgani, taksida yetkazish qimmat ekanligi uchun taomlarimni ololmaydi. Uyimga yaqin bo‘lgan mijozlarim bor. Ular qayta-qayta buyurtma qilishadi. Hatto pulini oldindan to‘lab qo‘yib, iltimos qilishadi.

Bu ishni boshlab har xil odamlar borligini bildim. Ba’zi odamlar buyurtma berganini yodidan chiqarishadi. O‘sha payti, to‘g‘risi, ikki bolamga qaramay, boshqa buyurtmalarimni rad qilib, taom qilib bergan odamdan istamasam-da, ich-ichimdan norozi bo‘laman.

Lekin pishirgan narsam qolib ketmaydi. Telegram’dagi guruhimda mening bo‘sh vaqtimga, taomlarimning ortishiga qarab turadiganlar bor. Sotilib ketadi hammasi. Faqat o‘zim birovga atalgan narsani boshqaga sotishni uncha xohlamayman. Juda pulga muhtoj bo‘lmasam sotmayman u narsani. O‘zimiz yeb qo‘ya qolamiz.

“Menga bu ish kerak edi...”

Allohga shukrki, bu ishning ortidan ham moddiy, ham ruhiy dalda topganman. Doim ko‘chada yurib turgan odam birdan uyda qolib ketsa, qanaqa tushkunlikka tushishini hamma biladi. Bir tarafdan tug‘uruqdan keyingi depressiya. Butun dunyodan uzilib qolgandek his qila boshlaganman o‘zimni. Bu ishni boshlab odamlar bilan muomala qila boshlagach, ruhiyatimda ancha o‘zgarish bo‘lgan. Hozirgi kunda bolalarim kasal bo‘lib qolsa, men bilan birga qayg‘uradigan yaqinlarim bor. Ular yetti yot begona. Bir-birimizni ko‘rmaganmiz ham. Lekin nima so‘rasam yo‘q demaydi. Doim yordamga tayyor.

Foydaga keladigan bo‘lsak, o‘rtacha 5 mln topsam kerak. Sharoit bo‘lsa, bolalarimga qaraydigan odam bo‘lsa, bundan ham ko‘p topish mumkin.

Oilaviy rejamiz Kanadaga ketish. O‘qishga hujjat topshirganman. Ijobiy javobi kelsa, bu ishni to‘xtatishim mumkin. U yoqqa ketmasak, kelasi yildan magistraturamni davom ettirmoqchiman. Bu ishimni esa birorta restoranmi yoki kafe ochib ish yurituvchi sifatida davom ettirish niyatim bor.

“Bola puli hamma onaga berilishi kerak...”

Erkaklarni kamsitmagan holda, bir narsani ayta olaman: ayollar ojiza sanalsa-da, juda ko‘p narsaga qodir. Ham bola, ham ro‘zg‘or, ham er, ham pul topishni faqatgina ayollar eplay oladi. Shuning uchun dekretdagi ayollarni qahramon deb bilaman.

Lekin bir narsani juda ko‘p o‘ylayman. Ayollarni bunday holatdan qutqarish kerak. Yuqorida men kabi guruh ochib, shu ish bilan shug‘ullanadigan guruhlarning adminlari emizikli ayollar ekanligini aytgandim. Ba’zan videolarida, audiolarida bolasining yig‘lagan ovozi eshitilib qoladi. To‘g‘risi, bu holatni boshidan o‘tkazayotgan bir ayol sifatida ularga rahmim keladi.

Buning chorasini esa ularni moddiy tarafdan ta’minlabgina topish mumkin. Hech bo‘lmasa ona ikki yoshgacha bolasiga bor mehrini, e’tiborini bera olishi kerak. Afsuski, ko‘pchilik bunda faqat erlarni ayblaydi. Lekin bu unchalik to‘g‘ri emas. Har bir ayolga bola puli berilishi kerak. U xoh boy, xoh kambag‘al bo‘lsin. Shunda ona moddiy vaziyati haqida o‘ylamay bor mehrini faqat bolasiga beradi.

Katta farzandim tug‘ilganidan keyin yarim yilcha qishloqda yashaganman. Men-ku qiynalmaganman. Lekin qishloqdagi ko‘pchilik kelinlar, ayollarga qiyin. Ular hatto bolasiga “kasha” olib bera olishmaydi. Pechene berib bolaning oshqozonini buzganlar qancha. Uch oylikdan qorni to‘ymayotgani uchun bolalarga qozon ovqat berishadi. Onaning o‘zining qorni yaxshi to‘ymaydi sharoit tufayli. Eri hech qayerda ishlamaydigan oilalarga ham bola puli berilmaydi. Mana shu taraflarni ham yaxshilab o‘ylab ko‘rish, yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash kerak deb o‘ylayman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid