O‘zbekiston | 07:32 / 09.11.2019
50920
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim muassasalaridagi ayrim yo‘nalish va mutaxassisliklar yopilishi mumkin

Foto: Fotolia

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida oliy ta'lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishdagi yangicha tartiblar to‘g‘risida seminar o‘tkazildi.

Davlat inspeksiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, tadbirda inspeksiya boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev 2018-2019 yillar davomida o‘tkazilgan oliy ta'lim muassasalari (OTM) attestatsiya natijalari haqida ma'lumot berdi.

Ta'lim inspeksiyasi tomonidan 2018-2019 yillar davomida 24 ta oliy ta'lim muassasa (OTM)lar attestatsiyaga jalb qilingan bo‘lib, ulardan 10 tasi (41,7 foiz) «Attestatsiyadan o‘tdi» deb e'tirof etilgan va akkreditatsiyalandi. 13 tasi (54,2 foiz) esa «Attestatsiyadan shartli o‘tdi» deb e'tirof etilib, ularga kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 yil muddat berildi. 1ta OTM (4,2 foiz) «Attestatsiyadan o‘tmadi» deb e'tirof etilgan va akkreditatsiyalanmagan.

Ushbu natija ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahlil qilinganda:

426 ta ta'lim yo‘nalishlaridan 288 tasi (67,6 foiz) attestatsiyadan o‘tgan, 138 ta (32,4 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan;

282 ta magistratura mutaxassisliklaridan 242 tasi (85,8 foiz) attestatsiyadan o‘tgan, 40 tasi (14,2 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan;

oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim bo‘yicha 186 ta ixtisoslikdan 132 tasi (71 foiz) attestatsiyadan o‘tgan, 54 tasi (29 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan.

Ta'lim inspeksiyasi joriy yilning sentabr oyida 22 ta OTM va 5 ta ilmiy tadqiqot muassasalarining attestatsiyadan o‘tmagan ta'lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari hamda ixtisosliklarni qayta attestatsiyadan o‘tkazdi.

Qayta attestatsiya natijasiga ko‘ra:

40 ta ta'lim yo‘nalishlaridan 17 ta (42,5 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan (TAQI -1 ta, TDMRXOM – 1 ta, TATU – 2 ta, O‘zDK – 3 ta TKTI – 1 ta, TDTU – 2 ta, TerDU – 2ta, GulDU – 1 ta, JizDPI - 3 ta, TDAU Nukus f. – 1 ta);

17 ta magistratura mutaxassisliklaridan 4 tasi (23,5 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan (TDTU – 4 ta);

60 ta ixtisoslikdan 19 ta (31,7 foiz) attestatsiyadan o‘tmagan (BuxDU-1, BuxDTI-1, TDAU-2, TDTU-9, TIQXMMI-1, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti-4, Umumiy va noorganik kimyo instituti-1) deb xulosa qilindi va qabul to‘xtalishi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan bundan buyon «Shartli o‘tdi» degan tushuncha bo‘lmaydi, attestatsiyadan o‘tmagan ta'lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga qabul to‘xtatiladi.

Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida oliy ta'lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi takomillashtirildi. Yangi nizomda OTMlarni akkreditatsiyalash 4 bosqichda amalga oshirilishi belgilandi: o‘zini-o‘zini baholash (ichki baholash), mustaqil ekspertlar tomonidan tashqi baholash, xulosalar tayyorlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va ularni doimiy monitoring qilib borish.

Bunda OTMda ta'lim sifatini o‘zini-o‘zi baholash mexanizmi mavjudligi va uning doimiy ravishda olib borilishi akkreditatsiyalanishning asosiy sharti sifatida belgilangan.

Mavzuga oid